Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE)ning yadro xavfsizligi masalalari bo‘yicha direktori Xambar Mrabit sentabr oyi oxirida xizmat safari bilan O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda 14-oktabr kuni O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, 28-sentabr kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Vrachlar malakasini oshirish institutida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, Davlat bojxona qo‘mitasi mutasaddi rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvni “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi o‘rinbosari A.Yunusov ochib, O‘zbekistonda yadro xavfsizligi yo‘nalishidagi olib borilayotgan ishlar saviyasi, O‘zbekiston bilan MAGATE o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi bosqichi va rivoji to‘g‘risida fikr bildirdi.
MAGATEning yadro xavfsizligi masalalari bo‘yicha direktori Xambar Mrabit tashkilotning faoliyati va yadroviy xavfsizlikni ta’minlash borasida hamkorlikda olib borilayotgan ishlar, erishilgan yutuqlar to‘g‘risida gapirib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida MAGATE tomonidan beg‘araz ko‘mak tariqasida taqdim etilgan maxsus asbob-anjomlarni Sog‘liqni saqlash vazirligiga hamda Davlat bojxona qo‘mitasiga tantanali ravishda topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Izoh (0)