“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi Yaponiyada bo‘lib o‘tgan JATA Tourism EXPO Japan-2015 xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida o‘z xizmatlarini namoyish etdi. Bu haqda UzDaily xabar bermoqda.
Qayd etishlaricha, “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning imkoniyatlari O‘zbekiston uchun taqdim etilgan yagona milliy stend doirasida namoyish etilgan bo‘lib, stendda O‘zbekistonning yetakchi sayyohlik kompaniyalari va agentliklarining xizmatlari ham ko‘rsatib o‘tilgandi.
“Xalq amaliy san’ati buyumlari, suvenir mahsulotlar bilan bezatilgan O‘zbekiston stendiga ko‘plab mehmonlarning tashrif buyurgani Yaponiyada O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish o‘sib borayotganiga yorqin dalildir”, — deyiladi xabarda.
Ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan sayyohlik forumida, shuningdek, O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan turizmni rivojlantirish bo‘yicha seminarlarda ham “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” vakillari salohiyatli mijozlar va chet ellik hamkorlar, Yaponiya turistik kompaniyalari, xorijiy reklama va axborot agentliklari bilan ishchi uchrashuvlar o‘tkazdi.
UzDaily’ning qayd etishicha, “O‘zbekiston havo yo‘llari” Tokioga bevosita reyslarni amalga oshirayotgan Markaziy Osiyodagi yagona aviatashuvchi hisoblanadi.
Izoh (0)