Rossiya Federatsiya kengashi (Senati) tomonidan Rossiya qo‘shinlarini boshqa davlatlarga yuborish uchun ruxsat berilgani jahon xavfsizlik tizimini yo‘q qilishga tashlangan qadamdir. Bu haqda, “Korrespondent.net”ning xabar berishicha, Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk aytib o‘tdi.
“BMT Bosh Assambleyasining 70-sessiyasidan so‘ng Rossiya tomonidan bunday qarorning qabul qilinishi — global vaziyatni beqarorlashtirish, jahondagi keskinlikni oshirish, harbiy nizolarni davom ettirish yo‘lida tashlangan yana bir qadamdir va bunga Rossiya shaxsan javobgardir”, — dedi Yatsenyuk.
“Qo‘shinlarni yo‘llash haqidagi qaror va Rossiya prezidentiga harbiylarni jahonning istalgan mamlakatiga yuborish huquqining berilishi — jahon global xavfsizlik tizimini yo‘q qilishga qaratilgan qadamdir. Bu nomaqbuldir. Xalqaro hamjamiyat bu masalada zudlik bilan munosabat bildirishi lozim”, — deya qayd etdi Ukraina hukumati rahbari.
Yatsenyukning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya qo‘shinlari mamlakat Senatining tegishli qarorisiz ham Ukrainaga kirib kelgan va hali ham Qrimda, Donesk va Lugansk viloyatlarida qolmoqda.
Avvalroq Rossiya Federatsiya kengashi (Senati) chet elda Rossiya qurolli kuchlaridan foydalanishni bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagandi. Kengashga bu masalada Rossiya prezidenti Vladimir Putin murojaat qilgandi.
Izoh (0)