Moldova prezidenti Nikolaye Timofti hukumatga qarshi norozilik namoyishlari va poytaxt Kishinyov markazidagi chodirlar shaharchasining asosiy tashkilotchisi — “Sha’n va haqiqat” fuqarolik platformasi vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
“Prezident Nikolaye Timofti namoyishchilar tomonidan ilgari surilgan talablarga javob berarkan, o‘zi ham namoyishchilar singari — mamlakat prezidenti umumxalq saylovi yo‘li bilan tanlanishi kerak, degan fikr tarafdori ekanligini ma’lum qildi. Prezident mamlakatda adliya, moliya-bank sohalarida mavjud muammolardan xavotirda ekanligini tasdiqlab, inqirozli holatni zudlik bilan tartibga solish bo‘yicha o‘z vakolati doirasida qonuniy choralar ko‘rishini ma’lum qildi”, — deyiladi Moldova prezidenti matbuot xizmati xabarida.
Fuqarolik platformasi vakillarining qayd etishicha, ular ortiq prezident iste’fosini talab qilmaydi. Biroq, ularning fikricha, mamlakatdagi moliya-bank sohasidagi inqirozga sababchi bo‘lgan Milliy bank rahbari, bosh prokuror, korrupsiyaga qarshi kurash markazi boshlig‘i, oliy adliya kengashi raisi o‘z lavozimini bo‘shatib qo‘yishi kerak.
Avvalroq, Moldova prezidenti qarorgohi oldida norozilik namoyishlari davom etayotgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)