AQSH prezidenti Donald Tramp 15-avgust kuni Alyaskada bo‘lib o‘tadigan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv oldidan Moskvaga ogohlantirish berdi. Uning aytishicha, agar Putin Ukrainadagi urushni to‘xtatishga rozi bo‘lmasa, Rossiya “juda og‘ir oqibatlar”ga duchor bo‘ladi. Bu haqda Fox News xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Tramp jurnalistlarga bergan intervyusida aynan qanday oqibatlar haqida aytayotganini ochiqlamagan.
“Ha, bo‘ladi. Oqibatlari bo‘ladi. Lekin, qanday bo‘lishini ayta olmayman. Lekin oxiri juda yomon bo‘ladi”, dedi AQSH prezidenti.
Shu bilan birga, Tramp Putin bilan bo‘lgan telefon muloqotlaridan so‘ng ham Ukraina shaharlariga hujumlar davom etayotganini aytib, uni to‘xtatishga ishonchi qolmaganini bildirgan.
“Men u bilan gaplashdim. Keyin uyga qaytib, qarasam, raketalar qariyalar uyi va ko‘p qavatli uyga tushgan. Ko‘chalarda odamlar yotibdi. Demak, javob — yo‘q”, dedi u.
Tramp urushni tugatishni istashini, buni “Baydenning urushi” deb bilishini, shu bilan birga, uni yakunlashdan faxrlanishini aytmoqda. U o‘z prezidentligi davrida yana boshqa 5 ta urushni ham tugatganini eslatib o‘tdi. Bu orada Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham 13-avgust kuni Rossiyaning urushni yakunlashga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida “hech qanday belgi yo‘q”ligini ta’kidlagan.
“Ayni paytda ruslar urushni tugatishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida hech qanday belgi yo‘q. Ukraina, AQSH, Yevropa va tinchlik istaydigan barcha davlatlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari Rossiyani tinchlikka undashi mumkin”, dedi Zelenskiy ijtimoiy tarmoqda.
Izoh (0)