19-sentabr, shanba kuni Toshkentdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida APB (AIBA Pro Boxing) musobaqasining birinchi davrasida 60 kilogrammgacha vazn toifasida titul jangi o‘tkaziladi. Unda o‘zbekistonlik Xurshid Tojiboyev ushbu vaznda APB chempionlik kamari sohibi, qozog‘istonlik Berik Abdrahmanovga qarshi ringga chiqadi. Bu haqda “12news.uz” xabar bermoqda.
Musobaqa O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Xalqaro havaskor boks assotsiatsiyasi (AIBA) bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Shu kuni boshqa vazn toifalarida reyting janglari ham o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, Xurshid Tojiboyev “O‘zbekiston” sport majmuasida 18-iyul kuni bo‘lib o‘tgan jangda rossiyalik bokschi Dmitriy Polyanskiy ustidan g‘olib chiqib, 2016-yili Rio-de-Janeyroda (Braziliya) o‘tkaziladigan Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.
Izoh (0)