Saraton kasalligiga chalingan AQShning sobiq prezidenti Jimmi Karter shifokorlar tomonidan belgilangan kimyoterapiyaning yarmisini o‘tab bo‘ldi. Bu haqda u Atlanta shahridagi o‘zining xayriya markazi homiylari oldidagi chiqishida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “TASS”.
— Davolanishim uchun tavsiya etilgan dori — “Pembrolizumab”ning nomini o‘rgangunimcha naq uch hafta vaqtim ketdi, — deya hazilomuz ta’kidlagan 90 yoshli Karter. — Aniqlangan to‘rtta o‘simtani bartaraf etishga qaratilgan davolanish muvaffaqiyatli ketmoqda. Buning samarasi tez orada bilinishiga ishonchim komil.
Eslatib o‘tamiz, Jimmi Karterga o‘tgan oyda jigar saratoni tashhisi qo‘yilgan, ammo keyinchalik xavfli o‘simtalar boshqa a’zolar, jumladan, miyaga ham o‘tgani aniqlangandi. Sobiq davlat rahbari Atlantaning Emori universiteti qoshidagi kasalxonalardan birida davolanmoqda.
Izoh (0)