Dubay shahrida yaqin vaqt ichida “Dunyo mo‘jizasi” nomli 60 gektar maydonni egallagan Qur’oni karim bog‘i ochiladi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlar idorasi portali xabar bermoqda.
Mazkur bog‘da Qur’oni karimda zikr qilingan meva va o‘simliklarning 54 xili, jumladan, anjir, anor, zaytun, jo‘xori, ko‘k piyoz, sarimsoq, yasmiq, arpa, bug‘doy, zanjabil, qovoq, tarvuz, hind xurmosi (tamr hindiy), uzum, banan, bodring, rayhon kabilar ekilgan.
Ziyoratchilar nafaqat ularni tomosha qilishlari, balki o‘simliklarning foydali jihatlari haqida ma’lumot olishlari ham mumkin bo‘ladi. Qur’oni karimda nomi kelgan uch turli o‘simlik yillar davomida yer yuzida yo‘q bo‘lib ketgani sababli, bog‘da ularni uchratishning imkoni yo‘q.
Shuningdek, boqqa tashrif buyurgan mehmonlar maxsus jihozlangan yer osti yo‘lida Qur’oni karim oyatlari hamda Qur’on mo‘jizalarini tinglab, videolavhalarni tomosha qilishlari mumkin. Bundan tashqari, bog‘da bolalar maydonchasi, Umra burchagi, amfiteatr, yugurish maydonchasi va velosiped uchish uchun maxsus yo‘lakchalar barpo etilgan.
Izoh (0)