Ozarbayjonlik jurnalist Rasim Aliyev o‘zi tanqid qilgan futbolchining “qarindoshlari” tomonidan o‘lgunicha do‘pposlab ketildi, deya xabar bermoqda “Korrespondent.net”.
Aliyev ijtimoiy tarmoqqa post joyladi, unda futbolchi Javid Guseynovni tanqid qildi. Shundan so‘ng jurnalist do‘pposlab ketildi va olgan jarohatlari tufayli kasalxonada vafot etdi.
Guseynov so‘zlariga ko‘ra, Rasim Aliyev uni kiprlik jurnalistga nisbatan munosabati uchun tarbiyasiz va axloqsiz deb atagan. Bunga javoban u Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, uni noto‘g‘ri tushunganini, uning axloqi yoki tarbiyasi haqida bilmoqchi bo‘lsa, kelib qo‘shnilaridan so‘rashi mumkinligini aytgan. Jurnalist esa uni tushunib, Facebook orqali undan uzr so‘rashini bildirgan. “Undan keyin nima bo‘lgani menga qorong‘i”, — dedi Guseynov.
Aliyev esa kasalxonadaligida vaziyatga oydinlik kiritishga ulgurdi. Ma’lum bo‘lishicha, futbolchi bilan telefon suhbatidan so‘ng, unga o‘zini Javidning xolavachchasi deb tanishtirgan notanish odam qo‘ng‘iroq qilgan va uning Javid bilan suhbatlashganidan xabardorligini aytib, uzr so‘rash niyatida uchrashishni taklif qilgan. Biroq uchrashuvda u yana ikki kishi bilan birga Aliyevni do‘pposlay ketgan. “Ular Javid Guseynovning qarindoshlari ekanligiga ishonchim komil emas, lekin ular o‘zlarini aynan shunday deb tanishtirdi”, — dedi Aliyev.
Izoh (0)