O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida 30-iyun kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Halqa yo‘lining Qashqadaryo daryosini kesib o‘tadigan qismida uzunligi 108, eni 27 metrlik yangi ko‘prik barpo etildi. Amir Temur ko‘prigi rekonstruksiya qilindi. Prezident viloyatga safarini ushbu ko‘priklar bilan tanishishdan boshladi.
Davlat rahbari ko‘priklar atrofini obodonlashtirish, yo‘l va daryo bo‘ylariga hududning tabiiy iqlim sharoitiga mos manzarali daraxtlar o‘tqazish, aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun zarur bo‘ladigan barcha sharoit va qulayliklarni yaratish kerakligini ta’kidladi. Daryoning ikki qirg‘og‘ini mustahkamlash, sohilbo‘yini obodonlashtirish, qayiq stansiyasi tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
So‘ng Prezident Qarshi shahrining O‘zbekiston ko‘chasida bunyod etilgan ko‘pqavatli uylarni borib ko‘rdi. Davlat rahbari qurilish va obodonlashtirish ishlarini izchil davom ettirish, shahar qiyofasini yanada yaxshilash, aholining dam olishi uchun yanada ko‘proq qulayliklar yaratish, yo‘l bo‘ylarini ko‘kalamzorlashtirish va favvoralarni zamonaviy texnologiyalar asosida takomillashtirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.
Izoh (0)