Amerikaning Aira startapi ko‘zi ojiz yoki yaxshi ko‘rmaydigan odamlarga maxsus o‘qitilgan assistentlarning audioko‘rsatmalari yordamida shahar bo‘ylab harakatlanish imkonini beradigan servisni ishlab chiqdi. Kompaniya saytida yozilishicha, servisdan foydalanish uchun Google Glass ko‘zoynaklari kerak bo‘ladi.
Servis hozirda beta-sinov holatida bo‘lib, 2016-yilning birinchi choragida ommaviy foydalanish uchun chiqariladi. Aira’dan foydalanish uchun Google Glass ko‘zoynaklarini sotib olish shart emas, ular oylik obuna doirasida foydalanuvchiga taqdim etiladi.
Foydalanuvchi ko‘zoynakni taqib, servisni ishga tushirganidan so‘ng, assistent video orqali, shuningdek, boshqa texnologiyalar yordamida uning qayerda turgani, bu hududdagi yo‘l qatnovi holati, yaqin orada foydalanuvchiga ma’qul kelishi mumkin bo‘lgan joylar ro‘yxatini oladi.
Tizim foydalanuvchi haqidagi har bir ma’lumotni – uning kasallik tarixi, favqulodda vaziyatlarda ishongan odamlari aloqa ma’lumotlari, shuningdek, ma’qul ko‘rgan narsalari – qahvaxonalar, eng ko‘p boradigan joylari, xobbi va odatlari haqidagi ma’lumotlarni batafsil to‘plab boradi.
Ko‘zi ojiz yoki yaxshi ko‘rmaydigan foydalanuvchiga yaqin qarindoshi, biror ko‘ngilli yoki Aira’ning xodimi assistentlik qilishi mumkin. Ularni o‘qitib, faoliyatga tayyorlash majburiyatini Aira o‘ziga oladi. Shartnoma shartlariga ko‘ra, assistent foydalanuvchi taniydigan va ishongan kishi bo‘lishi kerak.
Ushbu servisdan faqat Google Glass’da foydalanish mumkinmi yoki HoloLens, Oculus Rift, Mini Augmented Vision kabi boshqa muqobil texnologiyalarda ham undan foydalansa bo‘ladimi – hozircha bunisi aniq emas.
Izoh (0)