O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi Yoshlar ijod saroyida “Ma’naviyatimizni asrab qolaylik!” deb nomlangan tadbir o‘tkazdi, deb xabar qiladi “Uz24.uz”.
Xabarlarga ko‘ra, mutasaddi tashkilotlar, san’atkorlar, jamoatchilik faollari ishtirok etgan tadbirda o‘zbek xonandalarining kiyinish, o‘zini tutish madaniyati, ayrim kliplarning yoshlar ma’naviyatiga salbiy ta’siri va boshqalar haqida so‘z yuritilgan.
Muhokamalar chog‘ida xonanda Lola hamkasbi Rayhonning konsert dasturida kiygan, dizayner Zulfiya Sulton tomonidan yaratilgan libos bizning mentalitetimizga umuman to‘g‘ri kelmasligi qat’iy aytib o‘tilgan. Ma’lum bo‘lishicha, dizayner Zulfiya Sulton libos haqidagi e’tirozlarga “Bu sahna libosi, agar hammaning fikri inobatga olinsa, san’atimiz rivojlanmay qoladi-ku”, — deb javob bergan.
Shuningdek, Lola va Rayhonning “Ko‘nikmadim” qo‘shig‘iga suratga olingan klip ham qattiq tanqid ostiga olingan. “Hech qanday ma’no-mazmun kasb etmaydi deb topilgan mazkur klip, yoshlar tafakkurida aksincha salbiy fikrlar, o‘ylar paydo bo‘lishiga sabab bo‘layotgani ta’kidlab o‘tildi”, deyiladi manbada.
Monitorda “Bojalar” guruhi, Nilufar, Kaniza, Yagona, Jasur G‘oipov, Tamila va yana bir qancha ijodkorlarning kliplari ham birma-bir namoyish qilinib, saviyasi yo‘q kliplar deb aytib o‘tilgan.
Kliplar borasida so‘z ketar ekan, televideniye hamda “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi kliplar yuzasidan hech qanday javobgarlik ularning zimmasida emasligini aytib o‘tgan.
Xonandalar faqatgina to‘ylar uchun ijod qilmasdan, ma’naviyatimizni asrab qolishlari uchun ham ijod qilishlari ta’kidlab o‘tilgan va agarda yuqoridagi holatlar davom etaversa, keyingi tadbirlarda ijodkorlar birma-bir sahnaga chiqarilib, ularning nomunosib ishlari ochiq-oydin muhokama qilinishi aytilgan.
Izoh (0)