Nepaldagi zilzila qurbonlari soni 8 mingdan oshdi. Bu haqda Nepal politsiyasi ma’lumotlariga asoslanib “TASS” xabar bermoqda.
“Mahalliy vaqt bilan 10-may soat 9:15dagi ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila natijasida 8019 kishi halok bo‘lgan, 16033 kishi tan jarohati olgan”, - deya xabar berdi Nepal politsiyasi Facebook’dagi o‘z sahifasida.
Avvalroq Nepal Qizil Xoch qo‘mitasi 8413 kishi halok bo‘lgani va 17576 kishi tan jarohati olganini ma’lum qilgandi, biroq Nepal hukumati ushbu ma’lumotlarni hozircha tasdiqlagani yo‘q.
Nepalda 25-aprel kuni 7,9 magnitudali zilzila ro‘y bergandi. Shundan so‘ng kuchi 3,2dan 6,9 magnitudagacha bo‘lgan 90ga yaqin aftershoklar qayd etildi. Zilzila natijasida eng ko‘p zarar mamlakat poytaxti Katmandu shahriga yetgan.
Bu yerda 1210 kishi halok bo‘lgan, 4634 kishi tan jarohati olgan. Markaziy Sinhupalchok tumanida esa kamida 2991 kishi halok bo‘lib, 852 kishi tan jarohati olgan.
Zilzila natijasida Nepaldagi 288 mingdan turar joy to‘liq vayron bo‘lgan. Yana 254 ming xonadonga jiddiy zarar yetgan.
Izoh (0)