Fransiyaning yetakchi klublaridan biri — “Pari Sen-Jermen” yozgi transfer oynasida hujum chizig‘ini kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Insayder Florian Plettenberg o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozishicha, amaldagi Yevropa Chempionlar Ligasi g‘olibi Madridning “Real” jamoasida to‘p surayotgan braziliyalik hujumchi Rodrigoning atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda.

Manbaga ko‘ra, parijliklar hujum chizig‘ini mustahkamlashni maqsad qilgan va Rodrigo bu borada ideal nomzod sifatida qaralmoqda. Futbolchining o‘zi esa “Real”dagi vaziyatdan unchalik mamnun emas — u doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni xohlamoqda. Biroq klubning yangi bosh murabbiyi Xabi Alonso unga to‘liq ishonch bildirmayotgani aytilmoqda.
Avvalroq Londonning “Tottenhem” klubi Rodrigoga qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq AS nashrining yozishicha, “shporlar” bu boradagi qaroridan voz kechgan va futbolchi uchun taklif yuborishga shoshilmayapti. Bundan tashqari, Angliya Premyer Ligasining yana ikki grandi — “Liverpul” va “Manchester Siti” ham Rodrigoga qiziqish bildirayotgani aytilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Rodrigo 2019-yil yozida Braziliyaning “Santos” klubidan Madridning “Real” jamoasiga o‘tgan bo‘lib, “qaymoqranglilar” uning transferi uchun 45 million yevro to‘lagan edi. 24 yoshli hujumchi va “qirollik klubi” o‘rtasidagi shartnoma 2027/28-yilgi mavsum oxirigacha amal qiladi.
Izoh (0)