Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-iyul kuni Hisob palatasi faoliyati va ijro tizimini takomillashtirish choralari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, hozirda davlat moliyaviy intizomi buzilishining oldini olishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda joriy yil dastlabki olti oyda audit tadbirlari o‘tkazilgan. Natijada 5 trln 600 mlrd so‘m samarasiz byudjet xarajatlari qisqartirilgan, 5 trln so‘mlik qo‘shimcha tushum imkoniyati aniqlangan.
Mamlakatda “Masofaviy audit” axborot tizimi ishga tushirilgan. Hozirgacha u orqali 4 trln so‘mlik moliyaviy kamchiliklar bartaraf etilgan.

Xabarga ko‘ra, taqdimotda mutasaddilarga tizimga sunʼiy intellektni joriy qilib, kamchiliklarni keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf etish vazifasi qo‘yilgan.
“O‘tgan yili 12 ta vazirlikda moliyaviy nazorat bo‘yicha tashkil qilingan situatsion markazlarning ko‘rsatkichlari qayd etilib, bu tizim joriy yilda yana 10 ta vazirlik va idoraga kengaytirilishi belgilandi. Shu bilan birga, byudjet tashkilotlarida ichki audit va ichki nazorat tizimlarini takomillashtirib, Hisob palatasi bilan axborot almashuvini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berildi”, deyiladi manbada.
Taqdimotda davlat auditi xalqaro standartlar darajasiga chiqarilayotgani ham aytilgan. Hisob palatasi xodimlari bir yil davomida xalqaro auditorlar bilan birgalikda ishlab, tajriba to‘plagani qayd etilgan.

“Natijada tashqi qarz hisobidan bo‘layotgan loyihalar xalqaro mezonlar asosida auditdan o‘tkazilmoqda. Bunday tartibni loyihalarning ilk bosqichlaridan boshlash muhimligi ko‘rsatib o‘tildi”, deya maʼlum qilgan prezident axborot xizmati.
Taqdimotda prezident mutasaddilarga ijro intizomini mustahkamlash, byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish va tejamkorlikni taʼminlash bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.
Izoh (0)