Kiyev Rossiya bilan keng ko‘lamli urush boshidan buyon hukumatga qarshi eng yirik namoyishlarga guvoh bo‘ldi. Ular Ukraina parlamenti avval kuzatilmagan shoshqaloqlik bilan ovozga qo‘ygan, prezident Zelenskiy esa xavotir va tanqidlarga qaramay, imzolagan qonunga eʼtiroz bildirishdi. Gap tanqidchilar mamlakatning korrupsiyaga qarshi organlari mustaqilligini zaiflashtirishiga ishonayotgan 12414-sonli qonun loyihasi haqida. U korrupsiyaga qarshi ikki asosiy mustaqil idora Korrupsiyaga qarshi milliy byuro (NABU) va Korrupsiyaga qarshi maxsus prokuratura (SAPO) ustidan nazoratni bosh prokuraturaga o‘tkazishni nazarda tutadi.

Qonun loyihasi avvalboshidan turli shubha-gumonlarni uyg‘otdi. Boisi u 22-iyul kuni ertalab soat 8:00 da shoshilinch chaqirilgan qo‘mita yig‘ilishida taqdim etildi. Lekin unda qo‘mita raisi ham, aʼzolarning aksariyati ham yo‘q edi. Parlamentda Zelenskiy partiyasi hukmronligi bois, loyihani 263 deputat maʼqulladi, atigi 13 nafari esa qarshi chiqdi. Kunning ikkinchi yarmiga kelib, hujjat imzolash uchun prezident ofisiga yuborildi.
Endilikda Zelenskiyga sodiq bosh prokuror Ruslan Kravchenko korrupsiya ishlarini boshqa tergovchilarga o‘tkazish yoki ularni yopish vakolatiga ega bo‘ladi. Tanqidchilar bu korrupsiyaga qarshi islohotlarni zaiflashtirib, mamlakatning kelajagiga soya soladi, degan fikrda.
Zelenskiy ukrainaliklar uchun anʼanaviy murojaatida mazkur qonunni himoya qilib, har ikkala idora ham “ishlashda davom etishi”ni aytdi. Tuzilmaviy o‘zgarishlarni esa “Rossiya taʼsiridan tozalanish”zarurligi bilan izohladi. Shu bilan birga, Zelenskiy, korrupsiyaga qarshi kurash tizimining samaradorligini tanqid qilib, ayrim ishlar “yillar davomida osilib qolganini” taʼkidladi. Bundan tashqari, u qonunni buzganlar uchun Bosh prokuror tomonidan “muqarrar jazo” taʼminlashini bildirdi.

Ukraina hukumati ham NABU vakolatlarining qisqartirilishini Rossiya taʼsiri bilan izohladi. Qonun qabul qilinishidan bir kun oldin Ukraina Xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura tashkilot idorasida tintuv o‘tkazgan va buni rus josuslarini aniqlash bo‘yicha amaliyot sifatida ko‘rsatgan edi.
Mazkur qonun Ukrainaning ittifoqchilarida xavotir uyg‘otdi. Yevropa Ittifoqining kengayish bo‘yicha komissari Marta Kos X (sobiq Twitter) tarmog‘ida post qoldirib, o‘zining jiddiy xavotirda ekanini bildirdi. Shuningdek u “NABU mustaqilligini himoya qiluvchi asosiy kafolatlarning bekor bo‘lishi ortga tashlangan jiddiy qadam ekani”ni aytdi.
Qonun Ukraina prezidenti tomonidan imzolangach norozilik namoyishiga qatnashgan 18 yoshli Vladislava Kirstyuk bu mamlakat istiqboliga xavf solishini ta’kidladi.
“Men 2014-yilda Rossiya qo‘llovi bilan bosib olingan hududda bolaligimni o‘tkazganman. Barcha hokimiyat bir odamda to‘planganda nima bo‘lishini bilaman. Hamma narsa sizga qarshi ishlaydi. Ushbu tajribani bu yerda ham qaytarmoqchi emasmiz”, degan u.
Korrupsiyaga qarshi mustaqil organlar vakolatlarining qisqartirilishi nafaqat G‘arb siyosiy doiralari va Ukraina jamoatchiligi, balki bir vaqtlar prezident jamoasida ishlagan va hozirda rasmiy rutba egallab turgan amaldorlarni ham hayratga soldi.
2020- yildan 2024-yilga qadar Ukraina Tashqi ishlar vaziri sifatida faoliyat ko‘rsatgan, shu bilan bir vaqtda Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi aʼzosi hisoblangan Dmitriy Kuleba hujjat imzolangan 22-iyulni “Ukraina uchun yomon kun” deb atadi. Sobiq vazir, shuningdek prezident “xalq tarafida turish yoki aksincha” variantlaridan birini tanlashi kerakligini aytdi. Harbiy razvedka xizmati (HUR) rahbari Kirill Budanov esa “umumiy dushman turganda, ichki qarama-qarshiliklar ochiq muloqot orqali bartaraf etilishi” kerakligini taʼkidladi.

The Economist nashri qonun loyihasining shoshilinch tarzda imzolanganiga diqqat qaratib, o‘zining Kiyevdagi manbalaridan izoh oldi. Ulardan biri yuz berayotgan jarayonlar ortida Zelenskiy taʼkidlaganidan boshqacharoq motiv borligini daʼvo qildi. Iddaoga ko‘ra, NABU prezident devoniga yaqin shaxslarning shubhali bitimlari yuzasidan tergov ishlari ochgani bois mazkur qonun tashabbusi ilgari surilgan.
Jurnalning yana bir manbasi Zelenskiy “javobgarlik so‘ralmaydigan davrda imkoniyatdan foydalanib qolishga qaror qilgani, Donald Trampni qisman o‘z tomoniga og‘dirgach, endi ichki masalalarga eʼtibor qaratayotganini iddao qildi. Qonun ortida qanday ambitsiyalar turganidan qatʼiy nazar, u mamlakatning Yevropa Ittifoqiga yo‘lini murakkablashtiradi.
Qolaversa, keng ko‘lamli bosqinga qarshi 2022-yildan buyon jang qilayotgan jamiyat kayfiyatiga salbiy taʼsir qiladi. “Biz Yevropani tanladik, avtokratiyani emas”, “Otam bu uchun jon bermagan” kabi yozuvlarni ko‘tarib, namoyishga chiqqan aholi Zelenskiyga nisbatan qo‘llov kamayishi mumkinligiga dalolatdir.
Yangi qonun bilan vakolatlari cheklangan har ikki tashkilot 2014-yilgi Maydan voqealaridan so‘ng G‘arb talabi bilan tuzilgan bo‘lib, Ukraina davlatchiligini Yevropa standartlari bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan edi. Ikki agentlik urush paytida ishini yanada kuchaytirib, qonunchilar, vazirlar va Zelenskiy maʼmuriyatining sobiq rahbariga qarshi ayblovlar qo‘ydi.
Izoh (0)