AQSh energetika vazirligining sobiq xodimi Charlz Ekklston 2015-yil 20-may kuni sud oldida javob beradi, deb xabar qiladi “Korrespondent.net”.
U maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlab, chetga sotishga uringan. Bundan tashqari, internet-qalloblik uchun ham unga ayblov qo‘yilgan. Bularning bari uchun ayblanuvchi 20 yilgacha qamalishi mumkin.
Ekklston 2010-yilda AQShning yadro qurolini boshqarish komissiyasidan bo‘shatilganidan so‘ng, Filippinga ko‘chib o‘tgan. Taxminlarga ko‘ra, u Xitoy va Venesuela elchixonasiga murojaat qilib, mamlakat maxfiy sirini sotishni taklif qilgan.
Ammo ushbu mamlakatlarning rasmiy shaxslari o‘rniga Federal qidiruv byurosi xodimi u bilan aloqaga chiqdi va o‘zini chet mamlakatlaridan birining vakili qilib ko‘rsatdi.
FQB agenti boshchiligida amerikalik energetik 80 ta elektron manzilga maxfiy ma’lumotlarni ko‘chirib oladigan virus jo‘natdi. Aslida Ekklstonning jo‘natmalarida virus bo‘lmagan, chunki uning barcha harakatlarini FQB nazorat qilib turgan.
Shundan so‘ng tez orada Ekklstonni Filippinning huquq-tartibot idorasi qo‘lga oldi va 27-mart kuni AQShga jo‘natib yubordi.
Izoh (0)