Ucell kompaniyasi ijtimoiy tarmoqlar va boshqa vositalar yordamida o‘z mijozlarini Toshkentdagi JobFair-2015 ko‘rgazmasiga taklif etish maqsadida joylagan e’lonidagi xatolik uchun uzr so‘radi.
“Matnni o‘zbek tiliga tarjima qilish jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatolik uchun sizdan uzr so‘raymiz. Faqatgina ishlamagan odam xatolikka yo‘l qo‘ymaydi!” — deya ta’kidlanadi Ucell’ning Facebook’dagi sahifasiga joylangan yangi xabarda.
Kompaniya xatolarini tuzatib turuvchi “e’tiborli, o’zbek tilini biluvchi insonlar” borligidan xursandligini qayd etib, ularga minnatdorlik bildirib qoldi.
Ushbu xabarga ilova qilingan suratda esa avvalgi xatoli matnga ishora qilgan holda, “O‘lmasmiz!” deya yozib qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ucell’ning Facebook’dagi sahifasidagi e’longa ilova qilingan fotosuratda o‘zbek lotin yozuvida shunday matn keltirilgan edi: “Siz hali martaba yuksaklikka yetib o‘lmadingizmi? Bizga qo‘shiling”.
Matndagi birinchi gapda “yuksak martaba” jumlasi xato yozilgan, ayni vaqtda, katta ehtimol bilan, “olmadingizmi” so‘zi “o‘lmadingizmi” deb xato berilgan.
Xuddi shunday xato bilan yozilgan reklama materiallari JobFair-2015 ko‘rgazmasi tashrifchilariga ham tarqatilgan.
Izoh (0)