Birlashgan Arab Amirliklarining sportga ixtisoslashgan gazetalarida 7-aprel kuni BAA Pro-ligasining “Al Vasl” klubida to‘p suruvchi Fabio Virginio de Lima O‘zbekiston fuqarosi ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumot “Yashin xabar” (Breaking News) sifatida berildi.
BAAda yashaydigan o‘zbekistonliklarning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning eng taniqli gazetalaridan bo‘lgan “Al Ittihod” buni bosh sahifada asosiy maqola sifatida chop etgan va futbolchining pasporti suratini ham ilova qilgan. Suratda Fabio Virginio de Lima nomiga O‘zbekiston Respublikasining biometrik pasporti 2013-yil 2-fevral kuni Toshkent shahar Hamza tumani (hozirgi Yashnobod) IIB tomonidan berilgani to‘g‘risidagi yozuv ko‘rinib turadi.
Ma’lumot uchun, BAA Pro-ligasida ishtirok etuvchi “Al Vasl” klubi 2012-yilda murabbiylikka argentinalik Diyego Maradonani olib kelgach mashhur bo‘lib ketgan edi. 1993-yilda tug‘ilgan Fabio Virginio de Lima “Al Vasl” tarkibiga 2014-yil iyulida Braziliyaning “Vasko da Gama” klubidan kelib qo‘shilgan.
Izoh (0)