Amerikaning NBC telekanali taniqli boshlovchi Brayan Uilyams yarim yilga o‘z vazifasidan chetlatilganini ma’lum qildi, deb yozadi Interfax. Ma’lum bo‘lishicha, u Iroqdagi 2003-yilgi urushni yoritish bo‘yicha tajribasiga aloqador yolg‘on guvohliklar berishda ayblangan.
Telekanal bosh ijro etuvchi direktori fikricha, Uilyamsning qilmishini “oqlab bo‘lmaydi, u tomoshabinlar ishonchini xavf ostiga qo‘ydi”.
Dasturning sonlaridan birida boshlovchi Iroqdagi voqealarni yoritish chog‘ida u o‘tirgan vertolyotga granata kelib tushganini aytgan. Biroq ushbu missiyada qatnashgan amerikalik harbiylar ko‘rsatuvni ko‘rgach, buning noto‘g‘ri ekanligini, aslida oldinda uchib ketayotgan vertolyot portlatilganini yetkazgan.
Ushbu voqeadan keyin Uilyams uzr so‘rab, ba’zi tafsilotlar yodidan ko‘tarilganini aytdi.
Izoh (0)