Sirdaryo viloyatida yashovchi fuqaro o‘z mahalladoshlarini 400 ming qozoq tengesi evaziga sotib yubordi. Bu haqda “Huquq” gazetasiga tayanib “Uz24.uz” xabar berdi.
Sirdaryolik fuqaro mahalladoshlaridan biriga Qozog‘istonda ish taklif qilib, o‘zi yaqinda ishlab kelganini, u yerda tanishlari borligini aytadi hamda ishsiz yurgan qo‘shni yigitlarni ham taklif qilishini qo‘shimcha qiladi.
Mahalladoshining safiga yana ikki yigit qo‘shiladi va ayblanuvchi ularga Qozog‘istonda oylik 75 ming tengeni tashkil etishini, yotoqxona, ovqat tekinligini aytib, Chinoz tumani Yallama chegara postidan olib o‘tadi. So‘ngra, Qozog‘iston Respublikasi Chimkent viloyatida yashovchi shaxs bilan uchrashtiradi va 400 ming qozoq tengesi evaziga ularni sotib yuboradi.
Odam savdosi “qurbonlari” esa o‘zga yurtda qurilishdagi og‘ir ishlarni bajarishga majbur bo‘ladi. Og‘ir mehnat va tahqirlashlar 3 oy deganda yigitlarni holdan toydiradi. Ish haqidan darak bo‘lmagach, ular ish beruvchiga uchrab, ish haqlarini talab qilishganda mahalladoshi tomonidan pullab yuborilganidan xabar topadi.
Xorijda ishlab, mo‘maygina pul topaman, degan xomxayolga berilgan yigitlar xoru zorlikni boshdan kechirib, o‘z yurtlariga qaytib keldi.Ayblanuvchi esa Sirdaryo tuman sudining hukmi bilan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Izoh (0)