Incheon shahrida Osiyo olimpiya kengashining 33-Bosh Assambleyasi o‘tkazildi. Unda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) prezidenti Tomas Bax, Osiyo olimpiya kengashi (OOK) rahbari Shayx Ahmad Al-Fahad Al Saboh, shuningdek, Osiyo olimpiya kengashiga a’zo mamlakatlar milliy olimpiya qo‘mitalari prezidentlari ishtirok etdi, deb xabar bermoqda Uff.uz.
Assambleyani OOK rahbari Shayx Ahmad Al-Fahad Al Saboh kirish so‘zi bilan ochar ekan, avvalo barchani XVII yozgi Osiyo o‘yinlarining boshlangani bilan samimiy muborakbod etdi va Incheon — 2014 o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasiga musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etganligi uchun minnatdorchilik bildirdi.
Shundan so‘ng, Osiyo olimpiya kengashi rahbari qit’ada Olimpiya harakatini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda istiqbolli rejalar xususida atroflicha to‘xtaldi.
Assambleyada ishtirok etgan XOQ prezidenti Tomas Bax o‘z nutqida Osiyo olimpiya kengashini dunyoda Olimpiya harakati, olimpizm g‘oyalarini eng faol targ‘ib etayotgan tashkilot sifatida e’tirof etib, bunga misol sifatida qit’ada muntazam ravishda o‘tkazilib kelinayotgan yozgi va qishki Osiyo va ParaOsiyo o‘yinlari, shuningdek, qit’a miqyosida tashkil etilayotgan qator yirik sport musobaqalarni ta’kidlab o‘tdi. Bunday sharafli ishlarni hayotga tatbiq etilishiga hissa qo‘shayotgan barcha-barchaga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
O‘z navbatida, bu harakatda eng faol ishtirok etayotganlarga Osiyo olimpiya qo‘mitasining eng oliy mukofotlari topshirildi.
Tadbirda O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi Osiyoda olimpiya harakatini eng faol qo‘llab-quvvatlayotgan MOQ sifatida e’tirof etildi. Osiyo olimpiya kengashining oliy mukofotini Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax hamda Osiyo olimpiya kengashi rahbari Ahmad Al-Fahad Al Saboh O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Mirabror Usmanovga tantanali sur’atda topshirdi.
Assambleyada Osiyo olimpiya kengashi o‘tkazadigan navbatdagi yirik sport musobaqalariga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi.
Izoh (0)