Angliya shimolidagi Kings-Klipstoun qishlog‘ida yashovchi Jon Stouner kartoshka dalasida uch pensli kumush tanga topib oldi, deya xabar bermoqda “ITAR-TASS”.
Ma’lum bo‘lishicha, tanga 1652-yilda Amerikada britaniyalik mustamlakachilar tomonidan zarb etilgan. Uni 1,7 million dollarga baholashdi va 2-dekabr kuni Londonda bo‘lib o‘tadigan kimoshdi savdosiga qo‘yishdi.
Jon Stouner yaqindagina metall qidirish moslamasi yordamida xazina izlash bilan shug‘ullana boshlagan. Unga omad kulib boqib, birinchi urinishlaridan biridayoq kartoshka dalasidagi tuproqdan nodir buyum topib oldi.
Tanganing bir tomonida sana, qiymati va “Yangi Angliya” degan yozuv, ikkinchi tomonida esa eman daraxti va “Massachusets” yozuvi tushirilgan.
Stouner boshda o‘z topilmasiga e’tibor qilmadi, biroq har ehtimolga qarshi uni mahalliy “xazina qidiruvchilar” klubiga ko‘rsatdi. Juda yaxshi saqlanib qolgan tanga u yerdagilarni hayratga soldi.
Tanganing qanday qilib Amerikadan Angliya shimoliga kelib qolgani hozircha mavhum bo‘lib qolmoqda.
Izoh (0)