Jazoirning “JS Kabiliya” futbol klubi kamerunlik hujumchisi Albert Ebosse tribunadan otilgan tosh kelib tegishi natijasida vafot etdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Voqea “JS Kabiliya”ning o‘z maydonida “USM Aljir” bilan uchrashuvida sodir bo‘ldi. Bahs 2:1 hisobida mehmonlar foydasiga hal bo‘ldi. Mezbonlarning yagona golini Ebosse kiritdi.
O‘yin tugagach, muxlislar tribunalardan turli buyumlarni maydonni tark etayotgan futbolchilarga qaratib ota boshladi. Ebossening boshiga tosh kelib tegdi. Futbolchi shifoxonaga yetkazildi, u yerda shifokorlar uning o‘limini qayd etishdi.
Fojia haqidagi yangilikdan so‘ng Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Ebosse oilasiga hamdardlik bildirish va uning xotirasini eslash uchun sahifa ochildi.
Jazoir ichki ishlar vazirligi hodisa yuzasidan tergov ishlarini boshlab yubordi.
24 yoshli Ebosse 2013-yildan “JS Kabiliya” tarkibida faoliyat ko‘rsata boshlagan. O‘tgan mavsumda u 17 ta gol bilan, Jazoir chempionatining eng ko‘p to‘p urgan futbolchisiga aylangan edi.
Izoh (0)