AQShning “Nyu-York Siti” jamoasi yarim himoyachisi Frenk Lempard ijara asosida “Manchester Siti”da to‘p suradi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda, deb yozadi “Kun”.
Londonning “Chelsi” jamoasi sobiq sardori Premyer-liganing amaldagi g‘olibi safida bir necha oy davomida to‘p suradi. Lempard “shaharliklar” o‘yinchisi sifatida Angliya chempionati va Chempionlar ligasiga zayavka qilinishi kutilmoqda.
36 yoshli futbolchining AQSh MLS ligasida ishtirok etuvchi “Nyu-York Siti” jamoasi bilan amaldagi shartnomasi ikki yil muddatga mo‘ljallangan.
Angliyalik yarim himoyachi 13 yil davomida Londonning “Chelsi” jamoasida to‘p surgan. “Ko‘klar” safida Lempard uch marta Angliya chempioni bo‘ldi, bir martadan Yevropa Chempionlar ligasi va Yevropa Ligasida g‘olib chiqdi.
Futbolchi to‘rt marta Angliya Kubogida, ikki marta esa Angliya Liga Kubogida g‘olib chiqqan. Angliya terma jamoasi safida 106 o‘yinda maydonga tushgan Lempard ushbu o‘yinlarda 29ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
Avvalroq, AQShning “Nyu-York Siti” jamoasi boshqa bir mashhur futbolchi Ispaniya terma jamoasi va “Barselona” sobiq hujumchisi David Vilya bilan shartnoma imzolagandi. Biroq bu futbolchi ham uch oy davomida ijara asosida Avstraliyaning “Melburn Siti” jamoasida to‘p suradi.
Izoh (0)