O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari MDH davlatlari ichida o‘zlarini eng xavfsiz his qilishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Amerikaning Gallup kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib, UzDaily xabar berdi.
Gallup kompaniyasi dunyoning 150 dan ortiq mamlakatlari fuqarolari o‘rtasida ular yashaydigan hududlardagi jinoyat darajasi va mahalliy huquq muhofazachilari faoliyatining ishonchliligi bo‘yicha so‘rov o‘tkazdi. Reyting mintaqalar bo‘yicha tuzildi.
Sobiq Ittifoq mamlakatlaridan tashkil topgan qonun va tartib ko‘rsatkichi (Law and Order Index) reytingida O‘zbekiston 2013-yil yakunlariga ko‘ra 100 dan 88 ball bilan birinchi o‘ringa joylashdi. Unda ko‘rsatilishicha, mamlakat 2009-yilga nisbatan 7 ball ko‘p to‘plagan. Ikkinchi o‘rinni xuddi shuncha ball bilan Tojikiston (+10), uchinchi o‘rinni esa 87 ochko bilan Gruziya (+4) egalladi.
Tog‘li Qorabog‘ va Turkmaniston 78 ball bilan 4 va 5-o‘rinlarga joylashgan bo‘lsa, 77 balldan to‘plagan Armaniston va Ozarbayjon 6 va 7-o‘rinlarga loyiq deb topildi. Belorussiya 8 (68 ball), Qirg‘iziston (64) va Qozog‘iston (63) 9 va 10-pog‘onalarni band etdi.
Reytingdagi so‘nggi uchlikni Rossiya (57 ball), Moldaviya (56) va Ukraina (53) tashkil etdi.
Izoh (0)