Hukmron “Adolat va taraqqiyot partiyasi” nomzodi va Turkiyaning amaldagi bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo‘g‘on prezident saylovlarining birinchi bosqichidayoq g‘olib bo‘ldi, deya xabar berdi Euronews.
Ovoz berishning dastlabki natijalari e’lon qilingach, u Anqaradagi tarafdorlari oldida o‘z saylov kampaniyasi an’anasiga aylangan “balkon nutqi”ni so‘zladi.
“Kelinglar, bugundan ijtimoiy yarashuvning yangi davrini boshlaymiz va eski muhokamalarni eski Turkiyada qoldiramiz”, — dedi bosh vazir.
Erdo‘g‘onning nutqi bir necha marta gulduros qarsaklar va “Turkiya sen bilan faxrlanadi!” shiori bilan bo‘lindi.
Bu Turkiya tarixidagi birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentlik saylovlaridir. 1923-yilda Turkiya Respublikasi rahbarini parlament saylagan edi. Joriy saylovlarga 52 milliondan ortiq kishi jalb qilingan, jami saylovchilarning 76 foizi ovoz berishga kelgan.
Deyali 100 foiz byulletenlar hisob-kitobiga ko‘ra, Erdo‘g‘on 52 foizga yaqin saylovchilar ovozlarini to‘plagan va birinchi turdagi g‘alabani ta’minlab beruvchi 50 foizli chegaradan o‘tgan. Muxolifat nomzodi Akmaliddin Ehsono‘g‘li 38%, “Xalq demokratiyasi partiyasi” raisdoshi Salohiddin Temirtosh esa 9% ovozga ega bo‘ldi.
Izoh (0)