Yangiyo‘l — Toshkent trassasida Nexia rusumidagi avtomobilga CAMC yuk mashinasi kelib urildi. Natijada yengil mashinaga jiddiy zarar yetib, qayta tiklab bo‘lmaydigan holatga keldi. Bu haqda Facebook foydalanuvchisining “Voditeli Tashkenta” (“Toshkent haydovchilari”) guruhiga joylagan suratlari guvohlik bermoqda.
Muallifning izoh berishicha, taksichilik qilayotgan Nexia mijoz olish uchun trassada keskin to‘xtagan, orqada kattagina tezlikda kelayotgan yuk mashinasi esa to‘g‘ri unga borib urilgan. Natijada Nexia bir bo‘lak temir-tersakka aylanganini va yo‘l chetidagi sim devorgacha otilib ketganini ko‘rish mumkin. CAMC esa avariya natijasida old o‘ng farasi va undan pastki qismidan ajralgan.
Foydalanuvchi izohlarda avtohalokatda hech kim shikastlanmaganini qayd etgan.
Postga bildirilgan fikrlarda guruh a’zolari bir ovozdan yuk mashinasining ushbu holatda aybsiz ekanini ta’kidlagan. Ularning bir qismi noqulay joyda taksi ushlamoqchi bo‘lgan yo‘lovchini qoralagan bo‘lsa, qolganlar katta trassada keskin to‘xtagan taksichini halokat aybdori deb topgan.
Izoh (0)