“RIA Reyting” agentligi ekspertlari 2014-yil boshida MDH bank bozoridagi eng yirik 200 ta tuzilmalarni aniqladi. Aktivlar hajmiga qarab MDH banklarining reytingi tuzildi.
Ushbu ro‘yxatdan O‘zbekistondagi yettita bank ham o‘rin oldi. Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki 5,2 milliard dollar (2014-yil 1-yanvar holatiga) aktivlari bilan Top-200 ning 55-pog‘onasiga joylashdi. Ushbu bank aktivlarining 2013-yildagi o‘sish darajasi 7,3 foizni tashkil qildi. Milliy bankning O‘zbekiston bank tizimi aktivlaridagi ulushi 25,7 foizdan iborat ekanligi aniqlandi.
O‘zsanoatqurilishbankning aktivlari 3,08 milliard dollar deb baholandi va 89-o‘ringa munosib ko‘rildi. 2013-yilda bank aktivlari 21,9 foizga o‘sgan, uning mamlakat bank tizimi aktivlaridagi ulushi 15,4 foizni tashkil etdi.
Reytingning 118-pog‘onasidan o‘rin olgan “Asaka” bankining aktivlari 2,06 milliard dollarga teng bo‘lib, 2013-yilda uning aktivlari 3,2 foizga kamaygan. Bankning O‘zbekiston bank tizimi aktivlaridagi hissasi 10,3 foizga teng.
Shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi Ipoteka bank (aktivlari 1,33 milliard dollarga teng, 155-o‘rin), Xalq banki (1,23 milliard dollar, 166-o‘rin), Agrobank (1,15 milliard dollar, 172-o‘rin) va Qishloq qurilish banki (1,10 milliard dollar, 177-o‘rin) ham MDHdagi yetakchi banklar reytingiga kirgan.
Reytingda eng yuqori ko‘rsatkichni Rossiya “Sberbank”i 2014-yil 1-yanvar holatiga 498,34 milliard dollarlik aktivlari bilan qayd etgan bo‘lsa, eng quyi — 200-o‘rinni ham Rossiyaning yana bir banki “Obrazovaniye” 0,96 milliard dollarlik aktivlari bilan band etdi.
Izoh (0)