Uz-Shindong Silicon O‘zbekiston-Koreya qo‘shma korxonasi “Angren” maxsus industrial zonasida texnik kremniy ishlab chiqarish bo‘yicha yangi zavodni ishga tushirdi. Bu haqda Davlat raqobat qo‘mitasiga tayanib, Gazeta.uz xabar berdi.
Zavodning loyihaviy quvvati yiliga 6 ming tonna texnik kremniydan iborat. Xomashyo Jizzax viloyatidagi kvarts konlaridan keltiriladi. Dastlab, zavod qurilishi 2013-yil kuziga belgilangan edi, keyinroq muddat bir necha marta ortga surildi.
O‘zbekiston Davlat geologiya va mineral manbalar qo‘mitasi, Koreyaning Shindong Enercom Inc. kompaniyasi, “O‘zmetkombinat” OAJ va Solartech (Shindong’ning sho‘ba korxonasi) teng huquqli asosda Uz-Shindong ta’sischilari hisoblanadi. 10 million dollarga teng loyiha ta’sischilarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hisobidan moliyalashtiriladi.
2012-yil avgustida Uz-Kor Silicon o‘zbek-koreys qo‘shma korxonasi Navoiy viloyatida texnik kremniy ishlab chiqaruvchi zavodni ochgan edi. U O‘zbekistondagi bunday zavodlarning birinchisi bo‘ldi.
Izoh (0)