AQSh Liviyadagi vaziyat keskinlashuvi sababli O‘rta yer dengiziga bortida minglab dengiz piyodalari bo‘lgan Bataan desant kemasini jo‘natdi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar berdi.
Pentagon vakillarining ta’kidlashicha, amerikalik harbiy xizmatchilar AQShning Tripolidagi elchixonasi xavfsizligini ta’minlash va u yerdagi xodimlarni o‘z vataniga evakuatsiya qilishda foydalanilishi mumkin.
Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Iordaniya qurolli kuchlari bilan xalqaro harbiy mashg‘ulotlarda qatnashgan Bataan seshanba kuni Qizil dengizdan Suets kanali orqali O‘rta yer dengiziga o‘tgan.
Avvalroq esa AQSh o‘zining Ispaniyadagi bazasidan 250 ga yaqin dengiz piyodalari va bir nechta “Ospri” konvertoplanlarini Sitsiliyaga ko‘chirgan edi.
Liviyada radikal islomiy guruhlarga qarshi harbiy operatsiya boshlagan iste’fodagi general Xalifa Xaftar bosh vazir Ahmad Maytig rahbarligidagi yangi hukumatni tan olishdan bosh tortdi. Bundan tashqari, u 25-iyunga belgilangan parlament saylovlarini keyinga qoldirishni taklif qilgan.
Yangi bosh vazir uyi oldida sodir bo‘lgan otishma natijasida bir kishi halok bo‘lgan. Otishma noma’lum qurolli guruh bilan Maytig soqchilari o‘rtasida kechgan.
Yakshanba kuni Liviya muvaqqat parlamenti — Umummilliy kongress Maytig hukumatiga ishonch bildirdi. Bunda majlisdagi 93 deputatdan 83 nafari uni qo‘llab ovoz bergan.
42 yoshli tadbirkor Maytig “Musulmon birodarlar” ko‘magidan foydalangani uchun uning nomzodi bahslarga sabab bo‘lgan, biroq parlament spikeri Nuri Abu Saxmeyn buyrug‘i bilan 5-maydagi munozarali saylovlardan keyinoq baribir lavozimga tayinlangan. O‘shanda Liberal blok islomiy kuchlarni o‘z gumashtasini “tiqishtirish”da ayblagan.
Izoh (0)