Shimoliy Koreya AQShni Koreyani ikki qismga bo‘ladigan qurolsizlantirilgan hududda joylashgan Pxanmunjom chegara punktida provokatsion harakatlar nojoiz ekani haqida ogohlantirdi. Bu haqda ushbu hududdagi Koreya xalq armiyasi xavfsizlik xizmati vakili bayonot berdi, deya xabar tarqatdi “ITAR-TASS”.
Bayonotda aytilishicha, Pxanmunjomdagi amerikalik harbiy xizmatchilar Shimoliy Koreya tomoniga turli “e’lonlar” qilish uchun har xil bahonalar bilan radiokarnaylardan foydalanmoqda. Ular harbiy demarkatsiya chizig‘iga haqoratli xatlar solingan konvertlarni tashlab ketmoqda.
Bundan tashqari, Koreyada 1950—1953-yillarda jang qilgan BMT davlatlari ramzlariga bag‘ishlangan ko‘rgazmaga amerikaliklar Italiya, Daniya va Norvegiya bayroqlarini ham qo‘shib qo‘ygan. “Vaholanki, ushbu davlatlar qurolli nizolarda ishtirok etmagan”, — deya norozilik bildirmoqda KXDRdagilar.
KXDR xavfsizlik xizmati vakili demarkatsiya chizig‘i yaqinida AQShliklar metalldan qurilgan nazorat minorasi o‘rnatgani, o‘zlari esa uning nima maqsadda qurilganiga aniqlik kiritishdan bosh tortayotganini ta’kidladi. Vakil AQShdan ushbu keskin hududda provokatsion xatti-harakatlarni zudlik bilan tugatishni talab qilib, bu yerdagi “arzimas hodisa ham halokatli harbiy to‘qnashuvga olib kelishi” haqida ogohlantirdi.
Izoh (0)