Qo‘shma Shtatlar dollarning jahon zaxira valyutasi sifatidagi roliga putur yetkazishidan xavotirlanib, amaldagi Amerika sanksiya siyosatini qayta ko‘rib chiqadi. Tramp Moliya vazirligi rahbariga tegishli topshiriq berdi. Bu haqda mamlakat moliya vaziri Skott Bessent Fox Business telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Tramp menga sanksiyalar rejimini qayta ko‘rib chiqishni topshirdi. Uzoq vaqt davomida bizda men “dangasa sanksiyalar” deb ataydigan narsa bor edi. O‘ylaymizki, ular dollarning zaxira valyutasi sifatidagi roliga putur yetkazmoqda, odamlar dollardan voz kechmoqda. Biz eng ta’sirchan sanksiyalar tizimiga o‘tishni rejalashtirmoqdamiz”, dedi Bessent.
Bessentning so‘zlariga ko‘ra, Amerikaning avvalgi ma’muriyatining Rossiyaga qarshi cheklovlari juda samarasiz bo‘lgan, ularning ta’sirchanligini o‘ndan oltigacha baholash mumkin, yangi ma’muriyat esa ularni o‘ndan o‘ngacha ko‘tarishi mumkin.
Avvalroq, Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha bayonot bergandi. U Ukraina mojarosi hal etilgandan so‘ng cheklovlar bekor qilinishi mumkinligini aytgandi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu masalada aldanib qolmaslikka chaqirdi. Uning fikricha, G‘arbda “Rossiya Federatsiyasining yo‘liga g‘ov bo‘lishni davom ettirish uchun” yana boshqa narsani o‘ylab topishadi.
Vashington 10-yanvar kuni Moskvaga nisbatan yangi cheklovlar joriy etganidan so‘ng, Rossiya neftini olib ketayotgan kamida 65 ta tanker Xitoy, Singapur va Rossiya qirg‘oqlarida to‘xtab qolgandi.
Izoh (0)