Prezidentning “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Farmonga ko‘ra, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi tugatiladi. Ipakchilik qo‘mitasining vazifa va funksiyalari quyidagi qo‘mita va vazirliklarga o‘tkaziladi:
- yaylovlarni boshqarishga oid vazifa va funksiyalari – Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga;
- pilla yetishtirish va ipakchilik sohasini rivojlantirishga oid vazifa va funksiyalari – Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasiga;
- Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Buxoro cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi – Veterinariya qo‘mitasi tizimiga;
- Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti va O‘zbekiston tabiiy tolalar ilmiy-tadqiqot instituti – Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga.
Farmonga muvofiq, Veterinariya qo‘mitasi muassisligida Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo yaylov xo‘jaliklari (hududiy yaylov xo‘jaliklari) tashkil etiladi.
Shuningdek:
- Veterinariya qo‘mitasi markaziy apparati tuzilmasida Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish boshqarmasi;
- Yaylov yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish va ularni muhofaza qilish, qorako‘lchilik, teri va jun sanoati sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasi ham tashkil qilinadi.
Hududiy yaylov xo‘jaliklari yaylov yerlarini boshqarish va ulardan foydalanish, o‘zlariga doimiy foydalanish huquqi bilan berilgan yaylovlarni ijaraga berish sohasida o‘rmon xo‘jaliklari uchun belgilangan huquq va majburiyatlardan foydalanadi.
Yaylovlar chorvachilik va boshqa xo‘jaliklarga Respublika komissiyasining qaroriga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berilishi mumkin. Yaylovlar 49 yilgacha ijaraga beriladi.
2025-yil 1-dekabrgacha yaylovlardan samarali foydalanishni nazarda tutuvchi “E-yaylov” elektron platformasi ishga tushiriladi.
Prezidentning 2021-yil 8-iyuldagi qarori bilan Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi deb qayta nomlangandi.
Izoh (0)