O‘zbekistonda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari asosida turli tijorat banklaridan kredit ajratish holatlari sezilarli darajada ko‘paygan, deb xabar bermoqda ombudsman matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 2024-yilda ombudsmanga fuqarolardan iqtisodiy huquqqa oid 6 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 9 foizi firibgarlik holatlari bilan bog‘liq. 2023-yilda shunday murojaatlar soni 110 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2024-yilda bu raqam 42 foizga oshgan.
Murojaatlarning 60 foizida o‘zini Click kompaniyasi yoki Markaziy bank xodimi sifatida tanishtirgan shaxslar fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalangan holda onlayn kreditlar rasmiylashtirgan. Ayrim holatlarda esa bir shaxs nomiga 5-6 ta tijorat banklaridan kreditlar rasmiylashtirilgan.
Ushbu murojaatlar yuzasidan Ichki ishlar organlari tergovchilari tomonidan tijorat banklariga ushbu fuqarolar kredit mablag‘laridan o‘zlari foydalanmaganligi hamda fuqaroviy da’vogar deb topilgani, shuningdek, aybdor shaxslar topilguniga qadar kredit qarzdorligi hamda unga foizlar hisoblashni to‘xtatib turish yuzasidan topshiriqlar yuborilgan.
Jinoyat protsessual kodeksining 36-moddasida tergovchining o‘z yurituvidagi ish bo‘yicha qonunga muvofiq bergan yozma topshiriqlari va qarorlari barcha korxonalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy ekani belgilangan. Lekin, shunga qaramay banklar tomonidan firibgarlik natijasida aldangan fuqarolardan kreditni to‘lash talab qilib kelinmoqda.
Ombudsman tomonidan ushbu yo‘nalishdagi murojaatlar bo‘yicha fuqarolar manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 5 ta da’vo arizalari kiritilib, banklar bilan tuzilgan kredit shartnomalari haqiqiy emas deb topilgan. 1 nafar fuqaro nomiga olingan kredit mablag‘lari uning foydasiga qaytarilib, ma’naviy zarar undirilishiga erishilgan.
Qayd etilishicha, mazkur sohadagi muammolar bilan bog‘liq murojaatlarning o‘sishini asosan aholining ehtiyotsizligi, axborot xavfsizligi va iqtisodiy bilimlarining yetarli emasligi sabab bo‘lmoqda.
“Bir narsani yodda tutish zarurki, axborot texnologiyalar rivojlangan sari, yangidan yangi aldov va firib berish usullari ham o‘ylab topilmoqda”, deyiladi ombudsman xabarida.
Shuningdek, firibgarlik holatlaridan saqlanish uchun quyidagi tavsiyalarga rioya qilishni tavsiya etdi:
- pasport ma’lumotlari, bank kartalari raqami va PIN kod kabi shaxsiy ma’lumotlarni hech kimga oshkor qilmang;
- shaxsiy ma’lumotlaringizni ijtimoiy tarmoqlarda yoki noma’lum shaxslarga yuborishdan saqlaning;
- telefonga kelgan tasdiqlov kodlari, parollar yoki bank ilovalariga kirish ma’lumotlarini hech kimga aytmang;
- ijtimoiy tarmoqlar yoki elektron pochta orqali kelgan notanish fayllar, hujjatlar yoki havolalarni yuklab olmang (ular virus yoki zararli dastur bo‘lishi mumkin);
- notanish raqamlar, xususan, chet el raqamlaridan kelgan qo‘ng‘iroqlar va videoqo‘ng‘iroqlarga javob bermang;
- agar kimdir o‘zini bank xodimi yoki boshqa tashkilot vakili sifatida tanishtirsa, ularning shaxsini tasdiqlash uchun rasmiy kanallar orqali ma’lumot oling;
- ogoh va ehtiyotkor bo‘ling.
O‘zbekistonda firibgarlar tomonidan fuqarolar nomiga onlayn kredit olish jinoyati ko‘paygani sabab 2024-yil 1-noyabrdan 2025-yil 1-aprelgacha banklarda onlayn kredit ajratish bo‘yicha vaqtinchalik tartib yo‘lga qo‘yilgandi. Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda firibgarlik yo‘li bilan fuqarolar nomiga onlayn kredit ajratish orqali 463 ta holatda qariyb 15 milliard so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.
Markaziy bank tomonidan bir jismoniy shaxsga emissiya qilinadigan kartalar sonini bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda 20 tagacha cheklash bo‘yicha vaqtinchalik tartib ishlab chiqilgan.
Izoh (0)