Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-yanvar kuni oliy taʼlim va ilm-fan sohasidagi ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakat taraqqiyotining tayanchi sifatida bu yo‘nalishlarga katta eʼtibor qaratilmoqda. Yangi oliygohlar ochilib, qamrov ancha kengaydi. Taʼlim jarayonlari sifat jihatidan yaxshilanmoqda.
O‘tgan yili bakalavriat yo‘nalishlari maqbullashtirilib, 1 200 dan ortiq taʼlim dasturlari xorijiy andozalarga moslashtirildi. Jumladan, bitiruvchilarga malaka talabi to‘liq yangilandi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, atrof-muhit muhandisligi, biotizimlar muhandisligi kabi zamonaviy yo‘nalishlar ochildi.
Bu yil ham qator muhim vazifalar belgilangan. Xususan, yana mingdan ortiq taʼlim dasturlari “Top-300” universitet dasturlari asosida takomillashtiriladi. 45 ta taʼlim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Oliygohlarda Registrator ofisi xizmatlari bilan talabalar to‘liq qamrab olinadi. Dual taʼlimga yana 50 ming talaba jalb qilinadi.
Oliy taʼlimda ilmiy salohiyatni 55 foizga chiqarish, xorijda 5 ming nafar pedagog malakasini oshirish rejalashtirilgan. Ilg‘or muhandislik maktablarini 25 taga yetkazib, sanoat korxonalari bilan loyihalar qiymatini 10 barobar oshirish maqsad qilingan.
Taqdimotda mutasaddilar shu borada amalga oshiriladigan ishlar haqida axborot berdi.
Maʼlumki, oliy taʼlimga qabul jarayonida “avval test, keyin tanlov” tamoyiliga o‘tildi. Davlat granti talabalarning iqtidoriga qarab ajratiladigan bo‘ldi. Moliyaviy mustaqillik berilgan 40 ta oliygohda Registrator ofisi tashkil qilindi. Natijada dekanat va bo‘limlarda shtatlar 20 foizga qisqarib, 30 ta xizmat turi raqamlashdi.
Ushbu tajribadan kelib chiqib, shunday ofislarni boshqa oliy o‘quv yurtlarida ham ochish, taʼlim va ilm-fan xizmatlarini qamrab olgan yagona raqamli tizim joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Amaliyot bilan uyg‘unlikni kuchaytirish maqsadida dual taʼlim yo‘lga qo‘yilmoqda. Hozirda 15 ming talaba 957 ta korxonaga biriktirilgan. Lekin korxonalarda bunga qiziqish kam. Shu bois dual taʼlimda ishtirok etayotgan korxonalarni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
2024-yil 20-iyunda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari har bir hududda texnika oliygohi va ilg‘or muhandislik maktablari tashkil qilish vazifasini qo‘ygan edi. Hozirgacha Termiz, Andijon va Qarshida texnika universitetlari tashkil bo‘ldi. Shuningdek, 8 ta muhandislik maktabi ochildi.
Yig‘ilishda Nukus, Buxoro, Farg‘ona va Namangan texnika universitetlarini tashkil etish loyihalari taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, yangi yo‘nalishlar ochilib, xorijiy dasturlar tatbiq qilinadi, talabalarning ilmiy-innovatsion jarayonlarda ishtiroki kengaytiriladi, oliygohlarga sanoat hamkorlari biriktiriladi.
Umuman, bu yo‘nalishdagi 35 ta muassasani yiriklashtirish hisobiga, 22 ta texnika universiteti tashkil qilinadi. Shu yil oxirigacha yana 17 ta muhandislik maktabi ochiladi.
So‘nggi yillarda oliy o‘quv yurtlarida ilmiy salohiyat 41 foizdan 45 foizga oshgan. Lekin, aksariyat ilmiy tadqiqotlar sanoat va ishlab chiqarishdagi zamonaviy tendensiyalarni qamrab olmayapti.
Shu bois doktorantura kvotasini taqsimlashda iqtisodiyotning drayver sohalariga ahamiyat qaratish, ilmiy daraja va unvonlar olish tartibini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Pedagoglar kasbiy mahoratini oshirishni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Yoshlar tarbiyasida axloq va sport ham muhim. Bu borada “Besh tashabbus”, “Maʼrifat ulashib”, “Talabalar sport ligasi”, “Zakovat” kabi harakatlar yo‘lga qo‘yilgan. Bunday maʼnaviy-maʼrifiy, sport va intellektual loyihalar bilan talabalarni to‘liq qamrab olish, yoshlarda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish tadbirlari yuzasidan axborot berildi.
Izoh (0)