Ertaklar bolaligimizning ajralmas bir qismidir. Ular nafaqat ko‘nglimizni ko‘taradi, balki yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi kurash, mehr va jasorat kabi abadiy qadriyatlarni o‘rgatadi. Ammo vaqt o‘tishi bilan bu ertaklarning qahramonlari ham zamon bilan hamnafas bo‘lib o‘zgaradi. Quyida eski va yangi filmlardagi ertak qahramonlarini solishtirib, ular qanday o‘zgarganini ko‘rib chiqishga qaror qildik.
Kikimora

Kinoekrandagi eng esda qolarli kikimoralardan biri bu “Oltin shoxlar” filmidagi Vera Altayskaya ijro etgan Kikimora-Kuxarochka obrazidir. U avvaliga Baba Yaga tomon bo‘ladi va film oxirida bosh qahramonlarga achinib, Yagadan qochib ketadi.
“Bolalar uchun mo‘ljallanmagan kino” serialida kikimorani Aleksandra Rebyonok ijro etgan. Bu qahramon ilgari bo‘lgan botqoqdagi iflos maxluqdan butunlay farq qiladi. Kikimora zamonaviy, chiroyli va jozibali bo‘lgan bo‘lsa-da, hiylakor xarakterini yo‘qotmagan.
Baba Yaga (Yalmog‘iz kampir)

Baba Yaganing ilk ijobiy qiyofasi Boris Ritsarevning “Quvnoq sehrgarlik” filmida namoyon bo‘lgan. Unda ushbu obrazni Valentina Sperantova ijro etgan. U hali ham supurgida uchadi, lekin avvalgi yovuz Baba Yagaga faqat shu tomoni bilan o‘xshaydi.
Zamonaviy filmlarda Baba Yaganing obrazi jozibador va samimiy bo‘lib bormoqda. Karen Zaxarov va Armen Ananikyanning yaqinda suratga olingan filmida Baba Yagani Lyudmila Artemyeva jonlantirgan. Uning obrazi yovuzlikka qarshi kurashuvchi haqiqiy superqahramondir.
Kashey

O‘lmas Kashey obrazini birinchi bo‘lib ekranlarda Georgiy Millar mahorat bilan yaratgan. Uning qahramoni shafqatsiz, kuchli va dahshatli yovuzlik timsoli edi.
“Yomg‘irdan keyingi payshanba” filmida Oleg Tabakov ijro etgan Kashey esa boshqacha ko‘rinishda: bu endi qarigan va ozib ketgan yovuz emas, balki o‘rta yoshdagi, semizroq va tillarang kostyum kiygan obrazdir.
2023-yilda chiqqan “Baliqcha amri bilan” filmida Fyodor Lavrov ijro etgan Kashey esa mutlaqo boshqacha: u mehribon, o‘sib ulg‘aygan qizini tushunishga harakat qiladigan odamdir.
Vasilisa

Vasilisa obrazi ilk bor 1939-yilda rejissyor Aleksandr Rou tomonidan suratga olingan “Go‘zal Vasilisa” filmida paydo bo‘lgan. Bosh rolni Valentina Sorogojskaya ijro etgan.
2023-yilgi filmda Vasilisa tashqi ko‘rinishi o‘zgarmagan — silliq yig‘ilgan sochlar, katta ko‘zlar. Biroq bu qahramon o‘ziga xoslikka ega. “Baliqcha amri bilan” ertagida Mila Yershova Vasilisani kuchli va dadil qiz sifatida gavdalantirgan. “So‘nggi bahodir. Meros” serialida esa turmush qurgan va ikki farzandni tarbiyalagan Vasilisa bilan tanishamiz.
Qaysar malika

1938-yilda suratga olingan “Baliqcha amri bilan” filmida malika Yevelyani Sofiya Terentyeva ijro etgan. 2023-yilgi versiyada malika Anfisa (Alina Alekseyeva) o‘ta injiq va ayyor obrazda tasvirlangan. Uning hiyla-nayranglari tufayli Yemelya uzoq va xavfli sayohatlarga chiqishga majbur bo‘ladi.
Marfusha

Inna Churikova ijrosidagi Marfusha obrazi o‘ziga xos, esda qolarli va hatto hazilkash bo‘lishiga qaramay, salbiy personaj bo‘lib qoladi. U yong‘oq yeyayotgan sahnasi va aytgan iboralari ko‘pchilikning yodida qolgan.
Yangi filmda Marfusha rolini Viktoriya Serikova ijro etadi. Bu safar Marfa va Nastya raqib emas, balki eng yaqin do‘stlar bo‘ladi. Ular qadimiy sehrga qarshi kurashib, Morozkoning yuragini eritishga harakat qilishadi.
Yosh baba Yaga (Yosh yalmog‘iz kampir)

Ilk marta yosh Baba Yaga obrazini “Olov, suv va… mis trubalar” ertak filmida ko‘rish mumkin. Bu go‘zal qiz atigi 100 yoshda bo‘ladi va Kasheyga turmushga chiqishni istaydi. “So‘nggi bahodir: Meros” serialida yosh Baba Yagani Yuliya Peresild ijro etgan. "
Knyaz Gvidon

1966-yilda ekranlarga chiqqan “Shoh Sulton haqidagi ertak“ filmida shahzoda Gvidonni Oleg Vidov ijro etgan. Bu klassik asarlarning eng chiroyli ekranga moslashtirilgan namunasidir.
2026-yilda ushbu ertak aka-uka Andreasyanlar tomonidan yangicha talqinda qayta suratga olinadi. Unda shahzoda Gvidon rolini Aleksey Onejen ijro etadi.
Oqqush-malika

Bolalikdan tanish bo‘lgan Oqqush-malikani 1967-yilda ekran yuzini ko‘rgan “Shoh Sulton haqidagi ertak” filmida Kseniya Ryabinkina gavdalantirgan. U nafaqat kino aktrisasi, balki professional balerina bo‘lgan. Shuning uchun ham u suv ustida suzayotgandek harakat qilgan.
Ammo 2021-yilda “Pushkin ertaklari. Kattalar uchun” serialida hamma narsalar o‘zgardi. Voqealar zamonaviy dunyoda kechadi. Shahzoda Yelisey — rep ijrochisi, oltin xo‘roz esa sun’iy intellektga aylangan. Oqqush-malika (Olesya Sudzilovskaya ijrosida) esa sochsiz va futuristik obrazda tasvirlangan.
Karabas-Barabas

Sovet davrining eng sevimli bolalar filmlaridan birida Karabas-Barabas obrazini Vladimir Etush qoyilmaqom ijro etgan. Bu qahramon qo‘g‘irchoq teatrining egaligi, qo‘polligi bilan yodda qolgan.
2026-yilda esa Karabas-Barabas rolini Fyodor Bondarchuk ijro etadi.
Izoh (0)