Prezident Shavkat Mirziyoyev Xonqa tumanidagi “Sobirjon Yusuf” oilaviy fermer xo‘jaligi dalasida bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uning rahbari Oyimjon Otajanova 73 yoshda. Qo‘li gul bu ayol ko‘chatchilik bilan shug‘ullanayotganiga qirq yildan oshgan. Xo‘jalikning 3 gektar maydonida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtiriladi. Yana ikki gektarda esa bog‘dorchilik qilinadi. Bundan tashqari, 12 sotix issiqxonada 40 turdagi gul ko‘chatlari yetishtiriladi. Issiqxona zamonaviy suv tejamkor texnologiyalar bilan taʼminlangan bo‘lib, uning har bir bo‘limida ko‘chatlarning turi va xususiyatidan kelib chiqib zarur mikroiqlim yaratilgan.

Serg‘ayrat onaxon oila aʼzolarini ham shu ishga boshlagan. Yiliga 50 ming tupdan ortiq ko‘chatlar o‘stirib, sotiladi. Ularning yillik daromadi bir milliard so‘mdan ortadi.
Eʼtiborli jihati, bu yerda yetishtirilayotgan ko‘chatlar qo‘shni hududlar, Qozog‘iston va Turkmanistonga ham yetkazib berilmoqda.

Bog‘ joylashgan “Guliston” mahallasida 7 mingdan ziyod aholi yashaydi. Yoshlar va xotin-qizlarga ibrat bo‘lib, ularni ish bilan taʼminlashda onaxonning xizmatlari katta. U hozirgacha 200 dan ortiq shogird yetishtirgan, 300 nafar ishsiz fuqaroni ko‘chatchilikka o‘rgatgan.
Mahalladagi 70 foiz xonadon bilan kasanachilik yo‘lga qo‘yilgan.

Fidoyi dehqon bu yil tumandagi barcha maktab va bog‘chalarga 2 ming dona qarag‘ay ko‘chatini beg‘araz tarqatib, “Yashil makon” loyihasiga, yurtimiz obodligiga hissa qo‘shdi.
Bandlik vazirligi va bank bilan hamkorlikda xo‘jalikning yondosh hududida o‘quv markazi ochilgan. Unda xo‘jalik tajribasi asosida xonadonlardagi samarasiz tomorqadan yil davomida daromad olishga o‘rgatilmoqda. Natijada mahallalarda omilkorlik kengayib, oilalarga qo‘shimcha daromad kirmoqda.

Ushbu xizmatlari, mehnatsevarligi va yosh avlodga namunaligini inobatga olib, prezident Oyimjon Otajanovani “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” unvoni bilan mukofotlashga qaror qildi.









Izoh (0)