Futbol olamida yana bir yulduz porlamoqda — bu 17 yoshli “Barselona” futbolchisi Lamin Yamal. U yosh bo‘lishiga qaramay, allaqachon “Barselona” safida 100 ta o‘yin o‘tkazdi va o‘z o‘yini bilan muxlislarni lol qoldirmoqda.

Mashhur faylasuf Jil Deloz aytganidek: “Vaqt bizni yashaydi, biz emas”. Kechagina biz Messi “Barselona”da ilk golini urgani guvohi bo‘lgan edik. Endi esa Yamalni kuzatib, hayratda qolmoqdamiz.
So‘nggi yillarda futbol olamida “keyingi avlod” (nextgen) degan tushuncha paydo bo‘ldi — bu Messi va Ronaldu kabi afsonalardan merosni davom ettirishi kutilayotgan futbolchilarga nisbatan ko‘p qo‘llaniladi. Ayni paytda ko‘pchilik mutaxassislar va muxlislar yuqorida nomi keltirilgan ikki afsonaga munosib voris sifatida Mbappe yoki Holand emas, aynan Yamalni ko‘rishmoqda. Agar uni jarohatlar va ortiqcha bosimlar chetlab o‘tsa, bu haqiqatga aylanishi mumkin.

Nega aynan Yamal? Bunga ikki asosiy sabab bor:
1. Estetika va o‘yin uslubi. Uning harakati — bu futbol emas, xuddi sehrga o‘xshaydi. Ronaldu va Holand — kuchli, Messi — aqlli, Mbappe — tez bo‘lsa, Yamal — go‘zallik va ijodkorlikni uyg‘unlashtirgan futbolchi. U ko‘p hollarda Neymarni eslatadi, futbolni taktika va jismoniy kuchdan ko‘ra, san’at sifatida ko‘rsatmoqda. Hozirgi kunda futbol asosan taktika ustiga qurilmoqda, shu bois sportning mazkur turi muxlislar uchun biroz zerikarliroq tuyulmoqda. Yamal esa shu chegarani buzib tashladi hamda futbol naqadar go‘zal o‘yin ekanligini yana isbotladi. Aynan shu uchun “Barselona”ga aloqasi yo‘q muxlislar ham Laminni olqishlamoqda.
2. Statistik ko‘rsatkichlar. “Inter”ga qarshi bahs uning “Barselona”dagi 100-uchrashuvi bo‘ldi. Bu o‘yinlarda u 22 ta gol va 33 ta assistga mualliflik qilgan. Taqqoslash uchun: Yamal yoshida Ronaldu 19 ta o‘yinda 5 ta gol va 4 ta assist bilan cheklangan, Messi esa atigi 9 ta uchrashuvda 1 gol urgan, xolos.

Bundan tashqari, Yamal Ispaniya terma jamoasi bilan Yevro-2024 turnirida ham g‘oliblikka erishgan futbolchi sifatida tarixga kirdi.
U Chempionlar Ligasi yarim finalida gol urgan eng yosh futbolchi bo‘ldi. Bundan tashqari, Yamal — musobaqaning 1/8, 1/4 va 1/2 final bosqichlarida gol urgan ilk 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchi.
Tyerri Anri Yamal haqida shunday dedi:
Ko‘plab futbolchilar 17 yoshida bunday harakatlarni amalga oshira olmaydi. Bu — fantastika.
Rio Ferdinand esa shunday fikr bildirdi:
Toza iste’dod nuqtai nazaridan — Yamal kosmos. Bunga boshqacha ta’rif bera olmayman.
Izoh (0)