Prezidentning 23-apreldagi qaroriga asosan, Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori lavozimiga Shuhrat Boymuradov tayinlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, ushbu universitet Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya instituti negizida tashkil etiladi. Universitetga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi.
Hujjatga ko‘ra, turdosh yo‘nalishdagi OTMlarni ularning quvvati, ilmiy salohiyati va boshqa ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib yiriklashtirish hamda tibbiy ta’lim tizimida kadrlar tayyorlashni samarali tashkil etish maqsad qilingan.
Universitetga talabalarni o‘qishga qabul qilish 2025/26-o‘quv yilidan boshlanadi. 2025/26-o‘quv yilidan Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya institutida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini universitetda davom ettiradi hamda bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda universitet diplomi beriladi.
Yangi tashkil etilgan universitetga rektor deb tayinlangan Shuhrat Boymuradov shu kunga qadar Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimida ishlab kelayotgandi.
Izoh (0)