Hindiston 7-mayga o‘tar kechasi Pokistonga hujum qildi. Islomobod ham mazkur zarbalarga javob qaytardi. Dunyo yetakchilari yadro quroliga ega bo‘lgan ikki davlat o‘rtasidagi so‘nggi harbiy harakatlarga munosabat bildirdi.

Xitoy Hindiston va Pokistonni tinchlik va barqarorlikni birinchi o‘ringa qo‘yishga, xotirjamlikni saqlashga va vazminlikka chaqirmoqda.
Xitoy erta tongda Hindistonning harbiy harakatlaridan afsusda va voqealarning hozirgi rivojlanishidan xavotirda, deyiladi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi xabarida.
AQSH prezidenti Donald Tramp
Bu sharmandalik. Hozirgina eshitdim. Menimcha, odamlar yaqin o‘tmishga asoslanib, nimadir sodir bo‘lishini kutgan. Ular uzoq vaqtdan beri urishib kelmoqda. Umid qilamanki, bu juda tez yakunlanadi, dedi u.
AQSH davlat kotibi Marko Rubio
Men Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib boryapman. Men bugun Tramp tomonidan bildirilgan fikrlarni qo‘llab-quvvatlayman. Umid qilamanki, bu mojaro tezda tugaydi va ikki davlat rahbariyati muammoni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun muloqotni davom ettiradi.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish:
Bosh kotib Hindistonning nazorat chizig‘i va xalqaro chegara orqali olib borgan harbiy operatsiyalaridan juda xavotirda. U har ikki mamlakatni harbiy jihatdan maksimal darajada o‘zini tutishga chaqiradi. Dunyo Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvga dosh bera olmaydi.
Yaponiya Vazirlar mahkamasi bosh kotibi Yesimasa Xayashi:
22-aprelda Kashmirda sodir etilgan terrorchilik harakati munosabati bilan mamlakatimiz bunday terrorchilik harakatlarini qat’iyan qoralaydi. Bundan tashqari, biz ushbu vaziyat yanada ko‘proq javob zarbalariga olib kelishi va keng ko‘lamli harbiy mojaroga aylanib ketishi mumkinligidan jiddiy xavotirdamiz. Janubiy Osiyodagi tinchlik va barqarorlik uchun Hindiston va Pokistonni vazminlik ko‘rsatishga va muloqot orqali vaziyatni barqarorlashtirishga qat’iy chaqiramiz.
Birlashgan Arab Amirliklari Hindiston va Pokistonni “vazminlik ko‘rsatishga, keskinlikni kamaytirishga va mintaqaviy hamda xalqaro tinchlikka tahdid solishi mumkin bo‘lgan yanada keskinlashuvga yo‘l qo‘ymaslikka” chaqirdi, deyiladi BAA tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari shayx Abdulloh bin Zoid Ol Nahayon bayonotida. Diplomatiya va muloqot vazioyatni tinch yo‘l bilan hal qilishda samarali vosita ekani ma’lum qilingan.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov
Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lgan va biz uchun do‘st mamlakatlar — Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlikning kuchayishi bois chuqur xavotirdamiz. Tomonlarni imkon qadar bosiqlik saqlab, mojaroning yanada avj olishiga yo‘l qo‘ymaslikka va tinch yo‘l bilan hal etish uchun muzokaralarga qaytishga chaqiramiz, dedi u.
Prezident Qirg‘iziston doimo barqarorlik, xavfsizlik va xalqaro huquq normalariga hurmat tarafdori bo‘lib kelganini ma’lum qildi.
Qirg‘iziston fuqarolarini Hindiston va Pokistonga borishdan tiyilishga chaqirmoqda
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarini yuqoridagi ikki davlatga sayohat qilishdan tiyilishga chaqirmoqda. Vaziyat normallashmaguncha ushbu mamlakatlarga bormaslik tavsiya qilingan.
Pokiston yoki Hindiston hududida bo‘lib turgan Qirg‘iziston fuqarolariga o‘ta ehtiyotkor bo‘lish va mahalliy hokimiyat ko‘rsatmalariga amal qilish tavsiya etiladi, deyiladi respublika TIV xabarida.
Pokiston aviatsiya ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, Islomobod xalqaro aeroporti barcha reyslar uchun vaqtincha yopilgan. Pokiston fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi vaziyat barqarorlashgandan so‘ng aviaqatnovlar tiklanishini ma’lum qildi.
Hindiston va Pokiston bir-biriga aviazarba yo‘lladi
Hindiston rasmiylari 7-mayga o‘tar kechasi Pokistondagi, shuningdek, Kashmirning Pokiston qismidagi “terrorchilik” infratuzilmasiga hujum qilib, “Sindur” operatsiyasini boshlaganini e’lon qildi. Hujumda faqat “terrorchilik” obyektlari nishonga olingani da’vo qilindi. Pokiston mazkur ma’lumotni rad etib, zarbalar terrorchilarga emas, balki tinch aholi yashaydigan hududlarga berilganini ma’lum qildi.
Hujum oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan, 35 kishi jarohatlangan. Pokiston havo hududini 48 soatga yopgan, bosh vazir Shahboz Sharif hujumni “urush akti” deb atagan.
Makkor dushman Pokistonning beshta nuqtasiga qabihona zarba berdi. Pokiston tegishli javob berishga to‘liq haqli va bu tegishli javob allaqachon berilmoqda, degan bosh vazir.
Mazkur bayonot fonida Pokiston Hindistonga javob zarbasini yo‘llagan. Pokiston axborot vaziri Attaulla Tarar beshta qiruvchi samolyot va bitta dronni urib tushirilganini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, Hindiston qurolli kuchlari brigadasining shtabi va Kashmirdagi ajratuvchi chiziq bo‘ylab joylashgan hind posti yo‘q qilingani ma’lum qilingan. Hindiston armiyasi esa bu bayonotlarni tasdiqlamagan.
Pokiston va Hindiston munosabatlari
Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar 22-aprel kuni Kashmirning Pahalgam hududida yuz bergan terrorchilik hujumi sabab keskinlashdi. Hujum oqibatida 26 kishi halok bo‘ldi. Qurolli shaxslar mahalliy aholi va sayyohlarga qarata o‘t ochdi. Hindiston Pokistonni bu hujumni qo‘llab-quvvatlashda aybladi. Pokiston mazkur da’voni rad etib, tekshiruv o‘tkazishni talab qildi.
Hindiston Pokiston bilan 1960-yildagi Hind suvlar to‘g‘risidagi shartnomani to‘xtatib, chegara bo‘ylab suv oqimini to‘xtatib qo‘ydi. Pokiston bu urush ochishga teng ekanini bildirdi. Mamlakat Hindiston bilan diplomatik va savdo aloqalarini chekladi, havo maydonini yopdi va savdo aloqalarini to‘xtatdi.
Chegara bo‘ylab kichik qurolli to‘qnashuvlar va raketa sinovlari ko‘paydi. Pokiston qisqa masofali Fatah raketasini sinovdan o‘tkazdi, Hindiston esa xavfsizlik mashg‘ulotlarini kuchaytirdi Xalqaro hamjamiyat, jumladan Qo‘shma Shtatlar, tomonlarni ziddiyatni eskalatsiya qilmaslikka chaqirib, diplomatik kanallarni tiklashga chaqirgandi.
Izoh (0)