Hukumatning “Respublika oliy taʼlim tashkilotlarida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, “oliy taʼlim tashkiloti brendi”ni yaratish hamda talabalarning kiyinish madaniyatini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, 2025-yil 1-avgustga qadar oliy taʼlim tashkilotlarining o‘ziga xos brendini shakllantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar ishlab chiqish belgilangan. Jumladan:
- oliy taʼlim tashkilotining tarixiy rivojlanish xususiyatlari, ijtimoiy vazifasi va hozirgi zamon talablari asosida noyob imij va brend konsepsiyasini ishlab chiqish;
- taʼlim sifati, ilmiy-tadqiqot faoliyati natijalari, xalqaro hamkorlik, bitiruvchilarining muvaffaqiyatli faoliyati asosida imij va obro‘ni oshirish;
- media va raqamli kommunikatsiyalar, marketing va PR strategiyalarini samarali yo‘lga qo‘yish;
- har bir oliy taʼlim tashkilotining o‘z ramzlari, logotipi, shiori, tashrif qog‘ozi, radiosi, sport klublari, teatr studiyalari, internet platformalari va boshqa kommunikatsiya vositalari orqali o‘ziga xosligini taʼminlash.
Bunda, har bir oliy taʼlim tashkiloti xususiyati, ilmiy va taʼlim sohasidagi yutuqlari, innovatsion yo‘nalishlaridan kelib chiqib oliy taʼlim tashkiloti logotipi va vizual identifikatsiyasini (suvenir, kanstovar mahsulotlari, turli xildagi buyumlar, sport va boshqa kiyimlar) yaratadi.
Zamonaviy taʼlim uslublari va ijtimoiy tashabbuslar (ekoloyihalar, ijtimoiy himoya) oliy taʼlim tashkiloti brendi orqali targ‘ib qilinadi.
Oliy taʼlim tashkilotlari professor-o‘qituvchi, xodim va talabalari o‘rtasida taʼlim tashkiloti brendiga daxldorlik hissi shakllantiriladi, ularda tashkilot qadriyatlari, anʼanalariga amal qilishini kuchaytirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari tashkil etiladi.
Har bir oliy taʼlim tashkiloti o‘z brendi aks ettirilgan (suvenir, kanstovar mahsulotlari, turli xildagi buyumlar, sport va boshqa kiyimlar) buyumlarni ishlab chiqaruvchi tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi hamda oliy taʼlim tashkilotining o‘zida ularning savdo shoxobchalarini tashkil etadi.
Oliy taʼlim tashkilotlarining muvaffaqiyatli bitiruvchilari, taniqli professor-o‘qituvchilari, tarixiy yutuqlar haqida hikoya qiluvchi kontentlar hamda filmlar yaratiladi.
Izoh (0)