Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi texnopark hududida yuz bergan yong‘inda ikki kishi vafot etdi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘shbegi ko‘chasidagi texnopark hududida joylashgan sintefon ishlab chiqarish sexida yong‘in ro‘y bergani to‘g‘risida FVBga xabar soat 07:01 da kelib tushgan. Shunga ko‘ra yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 07:04 da hodisa joyiga yetib borib, yong‘in 07:45 da o‘rab olingan va soat 08:09 da o‘chirilgan.
Yong‘in bartaraf etilgandan so‘ng, yong‘in joyini o‘rganish davomida ikki nafar fuqaroning jasadlari aniqlangan. Shuningdek, 5 nafar fuqaro tan jarohati bilan shifoxonaga yuborilgan.
Yong‘in oqibatida sexning, taxminan, 700 kvadrat metr maydonda tomi, shifti va mahsulotlari yonib zararlangan. Yong‘inni bartaraf etishga 11 ta asosiy, 6 ta maxsus turdagi yong‘in o‘chirish texnikalari jalb etilgan.
Yong‘in ishlab chiqarishda texnologik jarayonning buzilishi natijasida yuzaga kelgani taxmin qilinmoqda. Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Voqea joyiga FVV rahbariyati, Toshkent shahar FVB boshlig‘i va tuman FVB rahbar xodimlari IIB, SSB, prokuratura mas’ul xodimlari chiqqan.
So‘nggi kunlarda yuz bergan yong‘inlar
29-aprel kuni Toshkentning Mirobod tumanidagi qurilish mahsulotlari saqlanayotgan omborxonada yong‘in chiqqandi. Yong‘inni bartaraf etishga 12 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan. 2025-yil 26-aprel kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan gilam do‘konida yong‘in sodir bo‘lgandi. 17-aprelda Xorazm viloyati Hazorasp tumanida uch qavatli savdo do‘konida yong‘in yuz berdi. Ushbu yong‘inlar oqibatida qurbonlar bo‘lmagan.
Izoh (0)