2025-yil I chorakda O‘zbekiston byudjetiga kelib tushgan soliqlar va ularning tarkibi haqida maʼlumot berildi.

Umumiy tushumlar
Soliq qo‘mitasi hisob-kitobiga ko‘ra, uch oyda davlat g‘aznasiga 48,2 trln so‘m soliq undirilgan (2024-yil mos davridagidan 19,6 foiz ortiq).
Eng yirik tushumlarni foyda (11,8 trln so‘m), qo‘shilgan qiymat (9,8 trln so‘m) va aholidan olinadigan daromad soliqlari (9,3 trln so‘m) taʼminlagan.
Shu bilan birga, aksiz (4,5 trln so‘m), yer qaʼridan foydalanganlik uchun (4,3 trln so‘m) soliqlar tushumi ham ortgan. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va soliqsiz tushumlar miqdori yuqori surʼatda o‘sib (35 foiz), 3,6 trln so‘mga yetgan.
Ishlab chiqaruvchilar qancha soliq to‘ladi?

Yanvar—mart oylarida ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi 56 114 ta korxona 20,6 trln so‘m soliq to‘lagan. Ularga qariyb 9,1 trln so‘mlik soliq imtiyozlari berilgan. Mazkur hisob-kitoblarda mamlakatning eng yirik korxonalari — Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari ko‘rsatkichlari inobatga olinmagan.
Qo‘mita reytingida ishlab chiqarishda eng ko‘p soliqlar “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan to‘langanini (863,3 mlrd so‘m) ko‘rish mumkin. Keyingi o‘rinlarni “Uzbat OA” AJ (619,7 mlrd so‘m), UzAutoMotors AJ (413,2 mlrd so‘m) egallagan.
Xizmatlar sohasi ko‘rsatkichlari
Dastlabki chorakda xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 160 403 ta korxona 9 trln so‘mdan ortiq soliq to‘ladi. Shundan 1,7 trln so‘mdan ortig‘i (18,8 foiz) 20 ta tadbirkorlik subyekti hisobiga to‘g‘ri keladi. Ular to‘lagan foyda solig‘i nisbatan yuqori ulushni tashkil etgan (573,1 mlrd so‘m).

Reytingda mazkur biznes tarmog‘ida Asia trans gas MCHJ eng ko‘p soliq to‘laganini ko‘rish mumkin (355,4 mlrd so‘m).
Keyingi o‘rinlarni “O‘zbektelekom” AJ (236,5 mlrd so‘m), “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ (210,5 mlrd so‘m) va Uzbekistan Airways AJ (159,8 mlrd so‘m) egallagan.
Savdo va qurilishda soliq tushumlari
Yanvar–mart oylarida savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 139 260 ta korxona tomonidan 8,6 trln so‘mdan ortiq soliq to‘langan. Bu yo‘nalishda eng ko‘p soliq to‘lovchilar — Anglesey food MCHJ (82,9 mlrd so‘m), Uzum Market MCHJ XK (72,4 mlrd so‘m), Total oil invest MCHJ (63,6 mlrd so‘m) bo‘lgan.

Uch oy ichida qurilish sohasidagi 28 336 ta tadbirkorlik subyektidan esa 2,1 trln so‘m soliq undirilgan. Reytingda birinchilikni Discover invest MCHJ (42,7 mlrd so‘m soliq to‘lagan) egallagan. Keyingi o‘rinlarda Agromir buildings MCHJ (39,9 mlrd so‘m) va Trest-12 AJ (26,2 mlrd so‘m) qayd etilgan.
Global bizneslar to‘lagan soliqlar
Joriy yil I choragida O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 68 ta xorijiy kompaniya tomonidan 36,2 mlrd so‘m soliq to‘landi. Bu 2024-yil mos davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p.

Soliqlarning 94,5 foizini quyidagi 10 ta kompaniya to‘lagan:
Apple — 10,6 mlrd so‘m;
Meta — 10,5 mlrd so‘m;
Google — 8,9 mlrd so‘m;
OpenAI — 1,1 mlrd so‘m;
TikTok — 934,8 mln so‘m;
Booking.com — 542,7 mln so‘m;
Netflix — 467,6 mln so‘m;
Zoom — 432,6 mln so‘m;
Acca — 427 mln so‘m;
Xsolla — 235,6 mln so‘m.
2024-yilda davlat byudjetiga 199,1 trillion so‘m soliq undirilgan edi. Joriy yil 1-aprel holatiga ko‘ra, respublikada to‘lanmagan soliq qazrdorliklari miqdori 8,5 trillion so‘mga yetgan.
Izoh (0)