Rossiyalik milliarderlarning boyligi 2025-yilning dastlabki oylarida deyarli 15 milliard dollarga oshib, 305 milliard dollarga yetdi. Eng yuqori o‘sish Alisher Usmonovda kuzatildi. Bloomberg Billionaires Index (BBI) yangilangan reytingni e’lon qildi.

Yil boshida metallurgiya, tog‘-kon sanoati, telekommunikatsiya va texnologiyalar sohalaridagi tuzilmalarga egalik qiluvchi, USM xoldingi (“Metalloinvest”, “Udokanskaya med”, “Megafon”) asoschisi Alisher Usmonov eng ko‘p daromad oldi. Uning boyligi 3,6 milliard dollarga oshib, 16,9 milliard dollarni tashkil etdi. Bunday miqdordagi aktivlari bilan u sayyoraning eng boy odamlari reytingida 129-o‘rinni egallab turibdi.
“Yevroxim” va Sibir ko‘mir energetika kompaniyasi hammuassisi Andrey Melnichenkoning boyligi bu vaqt ichida 22,7 milliard dollarga (+2,5 milliard dollar) oshdi va u reytingda 88-o‘rinni egalladi. Rossiyaliklar orasida aktivlar hajmining o‘sishi bo‘yicha uchinchi o‘rinni Dog‘iston senatori Sulaymon Kerimov egalladi. U 2025-yilning dastlabki oylarida 2,45 milliard dollarga boyib, reytingda 311-pog‘onaga joylashdi.
“Nornikel”ning eng yirik aksiyadori, rossiyalik milliarderlar orasida eng katta boylikka ega “Interros” xoldingi prezidenti Vladimir Potanin boyligini 2,2 mlrd ga oshirib, reytingda 57-o‘rinni egalladi.
Rossiyalik milliarderlar orasida boyligi kamayib ketganlari ham bor
Ularga jami to‘rt kishi kiradi. Yilning dastlabki oylaridagi eng yirik “omadsiz” — Novolipetsk metallurgiya kombinati direktorlar kengashi rahbari Vladimir Lisin bo‘lib, u 2,3 milliard dollar yo‘qotdi (unga jami 23,5 milliard dollar tegishli).
Keyingi o‘rinlarda prezidenti Vladimir Putinga yaqin, “Novatek” va “Sibur”ning asosiy aksiyadorlaridan biri oligarx Gennadiy Timchenko 1,57 milliard (9,4 mlrd dollar)ga qashshoqlashdi; “Alfa-Grupp” hammuassisi Mixail Fridman 1,45 milliard (13,3 mlrd dollar) yo‘qotdi; va “Novatek” boshqaruv raisi Leonid Mixelsonning boyligi 1,3 milliard (21 mlrd)ga kamaydi.
Bloomberg reytingiga jami 22 nafar rossiyalik milliarder, jumladan, Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov ham kiritilgan. Uning boyligi 12,6 milliard dollarga baholanmoqda (yil boshidan buyon 1,6 milliard dollarga o‘sgan).
Izoh (0)