“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bosh muhandisi Husniddin Hosilov o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan olingan. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Husniddin Hosilov bir necha yil “O‘zbekiston temir yo‘llari”da rahbarlik lavozimlarida, jumladan, boshqaruv raisi sifatida ham ishlagan.
U 2023-yil iyul oyida investitsiyalarni jalb qilish va ularni o‘zlashtirishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani sabab lavozimidan ozod etilgan. Keyinroq o‘sha yilning dekabr oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari”da bosh muhandis sifatida ish boshlagan.
Maʼlumot uchun, Husniddin Hosilov 1970-yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Maʼlumoti – oliy.
U 1992-yilda Toshkent temiryo‘l muhandislari institutining injener-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1992-yilda “O‘zinterservis” qo‘shma korhonasida tarmoq boshlig‘i sifatida boshlagan.
1999–2002-yillar “O‘ztemiryo‘lmashtaʼmir” unitar korxonasida turli lavozimlarda ishlagan. 2002 – 2008-yillar strategik rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i, bir vaqtning o‘zida “O‘zbekiston temir yo‘llari” DATK bosh menejer–bosh muhandisining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.
2011 – 2014-yillarda “O‘zbekiston temir yo‘llari” DATK bosh menedjer – bosh muhandisi lavozimida ishlagan. 2014–2016-yillarda Vazirlar Mahkamasining departament mudiri lavozimida ishlab kelgan.
2016–2019-yillarda “O‘zbekiston temir yo‘llari”ning bosh menedjer–bosh muhandisi lavozimida ishlagan. Hosilovga 2019-yil 5-fevraldan hukumat qarori bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruvining raisi vazifasini bajarish yuklatilgan. 2019-yil iyunidan rasman boshqaruv raisi lavozimini egallaydi.
Husniddin Hosilov 2020-yil 31-yanvardan esa yana boshqaruv raisi v.b etib tayinlangandi.
Izoh (0)