Raqobat qo‘mitasi umra haqida noqonuniy reklama joylashtirganlar jarimaga tortilganini ma’lum qildi.

Qo‘mita tomonidan OAV va internet tarmoqlarida joylashtirilgan materiallar “Reklama to‘g‘risida”gi qonun talablariga mosligi yuzasidan o‘rganish va tahlil ishlari olib borilgan. Jumladan, turoperatorlar tomonidan umra tadbirini tashkil etish va o‘tkazishga oid reklamalarning qonuniyligi tekshirilgan.
O‘rganishlar natijasida Buxoro, Samarqand, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari tomonidan, jami 4 ta — Mirabelle travel, Ketdik tour, Ayattour, Tavakkalna travel MCHJlari turoperatorlar tomonidan litsenziya hujjatlari mavjud bo‘lmagan holda reklamalar joylashtirilgani va bu bilan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning talablari buzilgani yuzasidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, yakunlari yuzasidan moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Shuningdek, qo‘mitaning Namangan va Farg‘ona viloyatlari hududiy boshqarmalari tomonidan, jami 5 ta — Jat Travel Instagram sahifasi, “Farg‘ona umra”, “Saudiyaga sayohat”, “Aziz turizm”, “Sardor turizm” Telegram kanallari adminlari tomonidan berilgan reklamalarda ham yuqoridagi kabi qonunchilik talablari buzilishi yuzasidan mansabdor shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Shu bilan birgalikda, 12 dan ortiq litsenziyaga ega bo‘lmasdan reklama materiallari tarqatayotgan axborot resurslarini yurituvchi shaxslarga aniqlik kiritish maqsadida IIV Kiberxavfsizlik markaziga ma’lumot kiritildi.
Qo‘mitaning bildirishicha, ushbu o‘rganish yakunlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanadi.
O‘zbekistonda umra tadbirlarini tashkil etish
2024-yil iyulida O‘zbekistonda umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Hukumat qarori bilan litsenziya talab va shartlari joriy etilgan. Litsenziyaga ega bo‘lmagan tadbirkorlik subyektlari tomonidan umra xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari (75 million so‘m) etib belgilangan.
Izoh (0)