Amerikalik milliarder Ilon Mask import tovarlariga bojlar joriy etilgani ortidan prezident Donald Trampning maslahatchisi bilan janjallashdi. Bu haqda New York Post xabar berdi.

Mask ilgari ham xalqaro savdoda bojlar qo‘llanishiga qarshi chiqqan. O‘tgan hafta u bu borada quyidagi fikrni bildirgan edi:
Ideal holatda Yevropa ham, Qo‘shma Shtatlar ham, menimcha, Yevropa va Shimoliy Amerika o‘rtasida erkin savdo zonasini shakllantirib, nol tariflarga o‘tishi kerak, degan milliarder.
U, shuningdek, import bojlarini faol qo‘llab-quvvatlayotgan Oq uyning bosh iqtisodiy maslahatchisi Piter Navarroni keskin tanqid qilgan.
Garvarddagi iqtisod fanlari doktori darajasi yaxshi emas, yomon. Bu esa ego/miya bilan bog‘liq muammoga olib keladi, deb yozgan Mask X platformasida Navarroni tanqid qilib.
Bunga javoban Tramp maslahatchisi Ilon Mask biznes egasi ekani va shu sababli joriy etilgan bojlardan mamnun emasligini aytgan.
Biz nima bo‘layotganini yaxshi tushunamiz. Ilon Mask avtomobil sotadi. U shunchaki o‘z manfaatlarini himoya qilmoqda, degan Navarro.
Navarroning aytishicha, Tesla avtomobillari asosan Texasdagi zavodlarda ishlab chiqarilsa-da, ular uchun zarur bo‘lgan ko‘plab ehtiyot qismlar Xitoy, Meksika, Yaponiya, Tayvan va boshqa davlatlardan olib kelinadi. Tramp joriy qilgan bojlar esa aynan ushbu ta’minot zanjiriga zarba berdi. Hozircha Oq uy Maskning bayonotlariga hech qanday rasmiy munosabat bildirmadi.
So‘nggi vaqtlarda Tesla kompaniyasi jiddiy yo‘qotishlarga uchramoqda. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, kompaniya elektromobillar bozorida ham daromad, ham sotuv hajmi bo‘yicha Xitoyning BYD kompaniyasidan ortda qoldi.
Mutaxassislar bu holatni Tesla modellarining yangilanmasligi, shuningdek, Maskning siyosiy faolligi fonida iste’molchilar ishonchi pasaygani bilan bog‘lamoqda. Yevropada savdo keskin tushgan, AQSHda esa ba’zi xaridorlar Mask bilan aloqasi bo‘lmasligi uchun o‘z avtomobillarini ikkilamchi bozorda faol sotishga kirishgan.
Trampning savdo siyosati
Tramp tomonidan dunyo tovarlariga nisbatan bojlar 2-aprel kuni e’lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston mahsulotlariga 10 foizlik boj belgilangan, ayrim mamlakatlar uchun esa bu ko‘rsatkich 50 foizga yetgan. Mazkur choralar jahon iqtisodiyotida sekinlashuv xavotirlarini kuchaytirdi.
Investorlar an’anaviy xavfsiz aktivlar, jumladan, oltinga sarmoya kiritishni boshlagan. Natijada 3-aprel kuni tarixda ilk bor oltin narxi bir unsiya uchun 3200 dollardan oshgan. Xitoy javoban AQSH mahsulotlariga 34 foizlik boj joriy etgan.
Tramp 12-martdan boshlab Yevropa Ittifoqidan 28 milliard dollarlik po‘lat va alyuminiy importiga 25 foizlik boj belgilagan edi. Shu kuni Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen ittifoq tomonidan 26 milliard dollarlik “kuchli, ammo mutanosib” qarshi choralarga tayyorlanayotganini e’lon qilgan.
Izoh (0)