O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi birinchi shokolad muzeyi ochildi. Yangi muzey poytaxtning “Navro‘z” bog‘ida joylashgan. Bu yerda siz shokolad tarixi, san’ati va mo‘jizasi bilan yuzma-yuz bo‘lasiz.

Eksponatlar orasida O‘zbekiston va dunyoning mashhur me’moriy yodgorliklarining shokolad miniatyuralari, taniqli tarixiy shaxslarning haykallari mavjud. Ekspozitsiyada 19 ta obyekt namoyish etilgan bo‘lib, ulardan 16 tasi muzey ustalari tomonidan qo‘lda yasalgan shokoladli haykallardir.
Muzeydagi eksponatlarni yasash uchun 850 kilogramm shokolad ishlatilgan, ular orasidan 2 ta inshoot oq shokoladdan yasalgan. Har bir figura uchun kamida bir hafta mehnat sarflangan. Barcha haykallar maxsus shokoladli qoplama bilan qoplangan bo‘lib, bu ularni bir yilgacha asl holida saqlash imkonini beradi.
Muzeyni ochilishidan asosiy maqsad — milliyligimizni shokolad san'ati orqali ko‘rsatib berishdan iborat. Bu yerda asosan sayyohlar ko‘p boradigan mashhur joylar miniatyuralari, milliy arxitekturamiz va tarixiy shaxslarning eksponatlari mavjud. Ularni tayyor holatga keltirguncha 5 oy muddat ketdi. Muzey yangi ochilganiga qaramasdan kuniga 100 ga yaqin kishi tomoshaga kelyapti. Turistlar asosan o‘zimizning tarixiy obidalarimizga qiziqish bildirmoqda. Ko‘pchilikni qiziqtirgan savol, “shokolad erib ketmaydimi?” deyishadi. Yo‘q, eksponatlar 35°C gacha bo‘lgan haroratga dosh bera oladi, dedi muzey xodimi.
Har bir eksponat o‘ziga xos tarixga ega. Muzeyda siz shokoladli devoriy tasvirlar bilan ham tanishasiz. Chunki shokolad tarixi qadimgi dunyo tarixi bilan chambarchas bog‘liq. Bu yerda O‘zbekistonning mo‘jizaviy inshootlaridan tortib, dunyo arxitekturasining eng mashhur binolarigacha barchasini ko‘rishingiz mumkin. Eng asosiysi ular shokoladdan tayyorlangan.
Kolizey, Italiya

Kolizey — qadimgi Rimdagi eng mashhur amfiteatr bo‘lib, milodiy 80-yilda qurilgan. U minglab tomoshabinlar sig‘adigan ulkan arena. Amfiteatr asrlar davomida gladiator janglari va boshqa tomoshalarga mezbonlik qilgan.
Muzeydagi shokoladli Kolizey hayratlanarli darajada aniq detallar bilan ishlangan. Rim arxitekturasi bilan shokolad san’ati uyg‘unlashib, tomoshabinni nafaqat tarix, balki san'at bilan ham lol qoldiradi.
Toj Mahal, Hindiston

Dunyoning eng mashhur me’moriy asarlaridan biri bo‘lgan Toj Mahal Hindistonda, Agra shahrida joylashgan. Bu obida Boburiylar hukmdori Shohjahon tomonidan sevimli rafiqasi Mumtoz Mahal xotirasiga qurilgan bo‘lib, abadiy muhabbat timsoliga aylangan.
Shokoladdan yasalgan miniatyurada bu inshootning oq marmardan ishlangan nafis shakli, minoralari va markaziy gumbazi aniq ifodalangan.
Amir Temur

Buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur – o‘rta asrlar Sharqining eng kuchli hukmdorlaridan biri. Uning yurishlari, siyosati va madaniyatga qo‘shgan hissasi O‘zbekiston tarixida muhim o‘rin egallaydi.
Shokoladdan yasalgan haykalda Temurning qat’iy nigohi, salobatli qiyofasi aks etgan. Bu haykal – shirinlikda ifodalangan buyuklik ramzidir.
Piza minorasi, Italiya

Italiyaning Piza shahrida joylashgan Piza minorasi dunyo me’morchilik mo‘jizalaridan biri sanaladi. XIII asrda qurilgan bu inshoot o‘zining tabiiy ravishda qiyalashgan holati bilan mashhur bo‘lib, butun dunyo sayyohlarini o‘ziga tortib keladi.
Shokoladdan yasalgan miniatyura muzeyda aynan shu qiyalikni, yumaloq shakl va ustunlarni juda aniq ifoda etgan. Har bir qavat, har bir bezak – ustalarning sinchkovlik bilan ishlaganini ko‘rsatadi. Bu shirin eksponat tomoshabinga Italiya afsonasini o‘ziga xos ko‘rinishda, shokolad orqali his qilish imkonini beradi.
Ozodlik haykali, AQSH

Ozodlik haykali — AQSHning eng taniqli ramzlaridan biri bo‘lib, erkinlik va umid timsoli sifatida tanilgan. Bu haykal 1886-yilda Fransiyadan sovg‘a sifatida Amerikaga olib kelingan va Nyu-York bandargohida qad rostlagan.
Shokoladdan ishlangan miniatyura esa uning barcha elementlarini — tojlari, mash’alasi, qo‘lidagi kitob va haykalning muhtasham holatini mayda detallarigacha jonlantirib bergan. Ushbu eksponat muzeydagi eng qiziqarli xorijiy obidalardan biri bo‘lib, san’at va shirinlikning betakror uyg‘unligidir.
Jaloliddin Manguberdi

Xorazmshohlar davlatining so‘nggi sultoni Jaloliddin Manguberdi – jasorat, vatanparvarlik va mardlik timsoli. U mo‘g‘ullarga qarshi yuritgan kurashlari bilan tarix sahifalarida o‘chmas iz qoldirgan.
Shokoladli haykalda uning qahramonona ruhi, qat’iy qiyofasi va qilichi yorqin tarzda aks ettirilgan.
Tillaqori madrasasi, Samarqand

Samarqanddagi Tillaqori madrasasi Registon majmuasining eng nafis va serhasham inshootlaridan biri. XVII asrda Yalangto‘sh Bahodir tomonidan bunyod etilgan bu madrasa o‘zining bezakli devorlari va oltin suvoq bilan bezatilgan masjidi bilan mashhur. Uning ichki qismidagi gumbaz va devorlar sharq me’morchiligining chinakam mo‘jizasi sanaladi.
Shokoladdan yasalgan miniatyura bu nafislikni ajoyib tarzda aks ettiradi: gumbazlar, peshtoqdagi murakkab naqshlar va simmetrik shakllar – barchasi shirin san’at orqali ko‘rsatilgan.
Baroqxon madrasasi, Toshkent

Baroqxon madrasasi — Toshkentdagi eng qadimiy va muhtasham diniy-ma’rifiy obidalardan biri bo‘lib, XVI asrda Shayboniylar davrida qurilgan. Ushbu madrasa o‘zining nafis koshinlari, muvozanatli me’moriy tuzilishi va ilm-ma’rifat o‘chog‘i sifatidagi tarixiy o‘rni bilan ajralib turadi. Aynan shu yerda mashhur Qur’on qo‘lyozmasi ham uzoq vaqt saqlangan.
Endilikda bu tarixiy yodgorlik shokolad shaklida muzeyda mavjud. Shokoladdan yasalgan Baroqxon madrasasi miniatyurasi hayratlanarli darajada batafsil: peshtoqdagi murakkab geometrik naqshlar, gumbazlar va eshik o‘ymalarigacha e’tibor bilan ishlangan. Har bir burchakda o‘ziga xos sharqona ruh saqlanib qolgan.
Kalta Minor, Xiva

Xiva shahrining tarixiy markazida joylashgan Kalta Minor — o‘zining noodatiy to‘liq qurilmagan holati bilan mashhur. Minoraning balandligi 26 metr bo‘lib, to‘liq qurilganida u 70 metrdan oshishi kerak edi.
Ustalar shokoladdan yasalgan minoraning keng tuzilmasi, sirli koshin ranglari va yumaloq shaklini sinchkovlik bilan ifodalagan. Maketda har bir detal o‘z o‘rnida — peshtoq bezaklaridan tortib, sirtlarigacha aniqlik bilan aks ettirilgan. Bu eksponat nafaqat shirinlik, balki tarixiy me’morchilikka bo‘lgan ehtirom ramzidir.
Bundan tashqari, muzeyda Eyfel minorasi, Xitoydagi terrakota qo‘shinlari, O‘zbekiston davlat bayrog‘i va Alisher Navoiyga oid shokoladli eksponatlar ham bor.
Muzey ichida shokolad ishlab chiqarish sexi ham mavjud. U orqali mehmonlar shokolad ishlab chiqarish jarayoni — kakao dukkaklarini qayta ishlashdan tortib, ularni tayyor shokolad massasiga aylantirishgacha bo‘lgan jarayonni kuzatishlari mumkin.
Turistlar va mahalliy xalq uchun barcha eksponatlarning ma'lumotlari 3 tilda: o‘zbek, rus va ingliz tillarida yozib qo‘yilgan.
Kelgusida muzeyda shokolad mahsulotlari tayyorlanadigan mahorat darslari uchun maydon ochilishi rejalashtirilgan.
Muzey dam olish kunlarisiz soat 9:00 dan 18:00 gacha ishlaydi.
Izoh (0)