Qamchiq dovonida harakatlanib ketayotgan yuk mashinasi butunlay yonib ketdi. FVV holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Keltirilishicha, 15-aprel kuni soat 22:41 da Qamchiq maxsus qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasi navbatchilik qismiga dovondan o‘tgan A-373 Toshkent—O‘sh avtomobil yo‘lining Vodiy—Toshkent yo‘nalishida harakatlangan DAF rusumli yuk mashinasida yong‘in bo‘lgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Aytilgan manzilga soat 22:50 da Qamchiq maxsus qidiruv yong‘in qutqaruv boshqarmasidan 2 ta ekipaj yetib borgan, soat 22:53 da yong‘in qurshab olingan va soat 23:13 da to‘liq bartaraf etilgan.
Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda. Hodisa oqibatida tan jarohati olish va halok bo‘lish holatlari qayd etilmadi.
11-aprel kuni ham dovonning Toshkent—Vodiy yo‘nalishida harakatlangan Changan rusumli avtotransport vositasida yong‘in yuzaga kelgan edi.
Yuk mashinalari ishtirokida yuz bergan hodisalar:
11-mart kuni Toshkent viloyati Angren shahrida yuk tashuvchi mashina yonib ketgandi. 14-mart kuni Nukus shahrida propan gaz tashuvchi MAN yuk mashinasi ag‘darilib ketdi. 19-mart kuni Andijon viloyatining Asaka tumanida elektr simlaridan chiqqan qisqa tutashuvi natijasida “ZIL-130” yuk mashinasida yong‘in chiqqandi.
Izoh (0)